Majburiy ijro byurosining Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda salkam 530 million so‘mlik miqdordagi dori vositalari yo‘q qilindi. Bu haqda «Namnews.uz» axborot-tahliliy portaliga MIB viloyat boshqarmasi xabar berdi.

O‘zbekiston hukumatining 2009 yil 15 iyuldagi «Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» qarorida huquqbuzarlik ashyosi tariqasida olingan, biron-bir hujjati yo‘q etil spirti, tamaki va alkogolli mahsulotlar, dorivor vositalar va tibbiyot buyumlari, oziq-ovqatga biologik faol qo‘shimchalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, ekspertiza xulosasiga ko‘ra iste’molga yaroqsiz, deb topilgan tovarlar yo‘q qilinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

«Namangan dori-darmon» aksiyadorlik jamiyati dorixonalar omborxonasida saqlanayotgan qariyib 90 turdagi dori vositalarini yo‘q qilish tadbirida har bir mahsulot yana bir bor ko‘zdan kechirildi. Tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi va maxsus pech yordamida yoqib yuborildi.