2 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Shobboz» haftalik dehqon bozorida o‘g‘rilikda gumonlangan shaxsni arqon bilan qo‘llaridan bozor kirish darvozasi ustuniga osib qo‘ygan yana uch kishi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.

Qoraqalpog‘iston IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan berilgan qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, tergov jarayonida fuqaro D.N.ni qo‘llarini arqon bilan bog‘lab, bozorning kirish darvozasi ustuniga osib qo‘ygan fuqaro U.A. bilan X.S., X.G‘. va M.Sh. ham bo‘lgani aniqlanib, ushlandi, deyiladi xabarda.

Surishtiruv jarayonida U.A., X.S. va M.Sh. o‘z jinoiy harakatlarini sodir etishga voyaga yetmagan shaxsni ham jalb qilishgani aniqlandi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish), 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 277-moddasi (Bezorilik) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.