Toshkent IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 18 kun ichida yaqindagina ochilgan sayt orqali foydalanuvchilar tomonidan yuborilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishi aks ettirilgan 60 ta videorolikni ko‘rib chiqdi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan aholi bilan ochiq muloqotda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev ma’lum qildi.

Sodir etilgan qoidabuzarliklarga dalil sifatida 51 ta rolik qabul qilindi. 30 mln so‘m miqdorida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi.

IIBB boshlig‘i videomateriallar mualliflariga fuqarolik faolligi uchun minnatdorchilik bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda YHXB faoliyati haqidagi salbiy fikrlar soni kamayganini qayd etib o‘tdi.

«Odamlarda katta qiziqish paydo bo‘ldi. Ko‘plar natijalar bo‘layotgani, bayonnomalar tuzilayotganini ko‘rib, qoida buzishga cho‘chib qolayapti. Kimlardir bayonnoma tuzilishiga ishonmagan edi, endilikda biz yangiliklarni bayonnoma nusxasi bilan e’lon qilamiz», — dedi Rustam Jo‘rayev.

IIBB boshlig‘i ijtimoiy tarmoqlarda YHQ buzilishi haqida ma’lum qilayotganlarni haqorat qilayotganlarga murojaat qildi: «Bir-birimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz kerak. Agarda sizda qandaydir tanqid bo‘lsa, biz uni ko‘rib chiqish va xatolarimizni to‘g‘rilashga tayyormiz. Barcha o‘zgarishlar sizlarning internetdagi xabarlaringizga asosan olib borilmoqda», — dedi u.

Rustam Jo‘rayev huquqni muhofaza qilish organlarini haqorat qilayotganlar javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tdi.

«Kimdir ularni hech kim topa olmaydi, ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilish, ularga tuxmat qilish mumkin, deb o‘ylasa qattiq adashadi. Avvallari ushbu yo‘nalishda tadbirlar o‘tkazilgan, ular doirasida foydalanuvchilar ma’muriy, hatto jinoiy javobgarlikka ham tortilgan», — dedi vazir o‘rinbosari.