O‘zbek milliy maqom san’ati markaziga san’atshunoslik fanlari nomzodi Soibjon Begmatov rahbar etib tayinlandi, deya xabar qildi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati. 11 dekabrdan mazkur markazni Jasur Jabborov bosh direktor vazifasini bajaruvchi sifatida boshqarib kelayotgan edi.

Soibjon Begmatov so‘nggi yillarda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ilmiy va ijodiy faoliyat bo‘yicha prorektor hamda «Musiqiy sharqshunoslik» va «O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi» kafedralari mudiri bo‘lib ishlagan.

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Prezident Shavkat Mirziyoyevning noyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, maqomni har tomonlama o‘rganish, u bilan aloqador ijro maktablari va an’analarni rivojlantirish, maqomning «oltin fondi"ni yaratish va boyitish, shuningdek uni keng targ‘ib qilish kabi vazifalarni bajarishi ko‘zda tutilgan.