Poytaxtdagi oilalardan birining uch qizi — Munisa (2010 yilda tug‘ilgan), Muxlisa (2011) va Mohira (2013) — 8 noyabr kuni taxminlarga ko‘ra noma’lum etiologiyali moddadan zaharlanish sababli hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Toshkent IIBBda o‘tkazilgan brifingda shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Bobir Dehqonov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Qizchalar istiqomat qilgan Olmazor tumani prokuraturasi 9 noyabr kuni mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ayni paytda opa-singillar o‘limiga olib kelgan aniq sababni aniqlash bo‘yicha tergov tadbirlari olib borilmoqda. Qizchalarning oilasi yashagan uydan ular iste’mol qilgan dori vositalari namunalari olindi. Dori vositalari sotilgan dorixonadagi muzlatkichdan ham namunalar olindi. Bundan tashqari, qizchalar kabob yegandan so‘ng o‘zlarini yomon his etishni boshlagan kafedan ovqat namunalari olindi.

Shu bilan birgalikda, kompleks sud-tibbiy va sud-kimyoviy ekspertizalar o‘tkazilmoqda. Ular natijalari bo‘yicha tergov harakatlarining keyingi yo‘nalishlari aniqlanib, aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga sanitar-epidemiologiya xizmatlari xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish tayinlandi.