Umidjon Salimov «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi. U 2017 yil apreldan «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisining texnika siyosati va mahalliylashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Umidjon Salimov (1976 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti aspiranturasini tamomlagan, texnika fanlari nomzodi.

1998−1999 yillarda «Avtodayjest» gazetasi mas’ul kotibi lavozimida ishlagan. 1999—2000 yillarda «O‘zavtosanoat» assotsiatsiyasining «Avtosaninvestproyekt» kompaniyasida yetakchi mutaxassis bo‘lgan. 2000−2004 yillarda «O‘zavtosanoat» assotsiatsiyasi moliya-iqtisodiy ekspertiza va kreditlash boshqarmasida yetakchi mutaxassis lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2005—2007 yillarda «O‘zavtosanoat» marketing, savdo strategiyasi va eksport salohiyatini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi bo‘lgan. 2007−2009 yillarda GM Uzbekistan yangi loyihalar boshqarmasi bo‘lim bosh menejeri lavozimida ishlagan.

2009—2011 yillarda GM Powertrain Uzbekistan bosh direktori o‘rinbosari bo‘lgan. 2011−2013 yillarda esa «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi o‘rinbosari edi.

2013—2017 yillarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari va O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi direktori sifatida ish olib bordi.

Avval xabar qilinganidek, Ulug‘bek Rozuqulov «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etilib, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasiga rahbar etib tayinlandi.