O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni Toshkent viloyati ma’muriy-hududiy tuzilmalari va mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Davlat rahbarining hududga tashrif buyurishidan bir kun avval qabul qilingan hujjat poytaxt viloyatining iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash va shaharlardagi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarida mavjud bo‘lgan tizimli muammolarni hal etishga qaratilgan.

Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa shahriga viloyatga bo‘ysinuvchi shahar maqomini berish va uni Toshkent viloyati ma’muriy markazi etib tayinlash to‘g‘risidagi takliflari tasdiqlandi.

Viloyatga bo‘ysinuvchi shaharlar ro‘yxatiga Ohangaron va Yangiyo‘l ham kiritildi. Bundan tashqari, Zangiota tumani hududida Zangiota va Toshkent tumanlari tashkil etiladi (ular 2010 yilda birlashtirilgan edi).

Ushbu qarorlar parlament palatalari tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Viloyat hokimligida moliya, soliq va iqtisodiyot organlari shtat birliklarining qisqartirilishi evaziga 35 nafar shtat birligiga ega Turizmni rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Bundan tashqari, hokimning turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati qo‘shimcha 5 ta shtat birligi bilan kuchaytirildi.

Qibray, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz va Toshkent tumanlari hokimiyatlarining meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha faoliyati bosh vazir o‘rinbosari, «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Rozuqulov tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Hujjatda «Parkent» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi belgilangan.