2018 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda nodavlat notariuslar faoliyatini qayta tiklash rejalashtirmoqda. Nodavlat notariuslar faoliyati 2010 yilning mayida to‘xtatilgan edi. O‘zAning xabar berishicha, bu haqda juma kuni sohadagi muammolarni chuqur tahlil qilish maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan joriy yilning 12−17 iyun kunlari keng jamoatchilik o‘rtasida ijtimoiy so‘rov natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadqiqotda butun O‘zbekistondan 1104 kishi ishtirok etdi. Ularning 58,1 foizini toshkentlik respondentlar tashkil etdi. 588 respondent notariat sohasini tubdan isloh qilish, idoralar sonini oshirish, xususiy notarial amaliyotga ruxsat berish zarurligini yoqlab chiqdi. 771 nafar respondent mavjud muammolarni hal etish uchun talab qilinayotgan hujjatlar ro‘yxatini optimallashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini yaratish zarur deb hisoblaydi. 691 kishining fikricha, notarial xizmatlar uchun to‘lovlar tizimini keskin qayta ko‘rib chiqish va ularning shaffofligini ta’minlash zarur.

Jamoatchilik so‘rovi aholi o‘rtasida notarial xizmatlarga bo‘lgan talab yuqori ekanini ko‘rsatdi. So‘rov ishtirokchilarining har uchinchisi so‘nggi bir oyda notariuslarga murojaat qilgani, har to‘rtinchi respondent oxirgi uch oyda mazkur turdagi davlat xizmatidan foydalangani shundan dalolat bermoqda.

So‘rovda ishtirok etganlar notarial idoralardagi ortiqcha vaqt va mablag‘ yo‘qotishlar, xodimlar sonining kamligi, notariuslarning muomala madaniyati va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish malakasi pastligini tizimdagi asosiy muammolar sifatida ko‘rsatgan.

Tahlillar aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan ishlarni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda notarial idoralar axborot burchaklarida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan davlat bojlari miqdori aniq ko‘rsatilganiga qaramay, so‘rovda fuqarolarning uchtadan bittasi notarial idoralar tomonidan xizmat ko‘rsatish tartib-taomillarini, notarial xizmatlar uchun olinadigan davlat boji miqdorlarini bilmasligi ma’lum bo‘lgan.

Anjumanda notariuslar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida ma’lumot berildi. Jumladan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab nodavlat notariuslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Amalga oshirilayotgan notarial harakatlarning qariyb yarmi turli hujjatlarni tasdiqlash bilan bog‘liqligi inobatga olinib, majburiy tasdiqdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan hujjatlar sonini qisqartirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish yuridik xizmatlar sifati va tezligini oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Bu borada birgina ko‘chmas mulk bilan bog‘liq amaliyotlarni amalga oshirish chog‘ida taqiqlarni tekshirish bo‘yicha elektron bazaning shakllantirilgani fuqarolarga, tadbirkorlik sub’ektlariga, qolaversa, notariuslar uchun ham qulaylik yaratmoqda.

Fuqarolarning notariuslar qabuliga elektron tartibda yozilishini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda. Tizim ishga tushishi natijasida murojaat etuvchilarning notarial idoralar oldida navbat kutishiga barham beriladi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan tizimdagi nopok xodimlarni aniqlash bo‘yicha ham izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan reydlar natijasida 67 xodimga turli huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilgan. Jumladan, notarial idoralarning 5 xodimi ishdan bo‘shatilgan, 27 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.