Toshkent markazidagi sobiq Toshkent hayvonot bog‘i hududida yangi madaniyat va istirohat bog‘i bunyod etiladi, deb xabar qildi poytaxt hokimiyati matbuot xizmati. Shahar hokimi qarori bilan tashkil etilayotgan istirohat bog‘i 12 gektar maydonga ega bo‘lib, Navro‘z bayrami (21-mart) arafasida ochilishi lozim.

Loyiha bo‘yicha tafsilotlar ko‘p emas. Jurnalistlarimiz bo‘lg‘usi bog‘ eskizi bilan tanisha olmadi. Hududda barpo etilayotgan dam olish maskani mavzedagi aholining sevimli istirohat manziliga aylanishi mo‘ljallanmoqda.

Hokimiyat xabarida keltirilishicha, investorlar bog‘ hududini butunlay yangicha loyihaga asosan olib boriladigan bunyodkorlik ishlariga tayyorlashmoqda. Bog‘da ish olib borayotgan “O‘zGASHKLITI” instituti xodimlarining muxbirimizga ma’lum qilishicha, bu yerda kapital qurilishlar olib borilishi rejalashtirilmagan. Bog‘da turli attraksionlar, savdo va ovqatlanish shohobchalari, sayr qilish uchun yo‘laklar, suhbatlashish uchun o‘rindiqlar o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.

Ayni paytda maxsus texnikalar asfalt qoplamasini yangisi bilan almashtirish uchun qo‘pormoqda. Sug‘orish tizimi ham yangilanmoqda. Yo‘laklar yoqalab o‘rindiqlar o‘rnatiladi.

Shahar ma’muriyatining ishonch bildirishicha, hududdagi yashil zonalar hamda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazmaslikni e’tiborga olishgan.