Toshkent aholisi hukumat va shahar hokimligining Do‘stlik (Bobur) bog‘ini xususiy tadbirkorga ijaraga berish to‘g‘risidagi qarorlarini bekor qilishni talab qilib sudga murojaat qildi. Arizachilarning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi ishni ko‘rib chiqish uchun qabul qilib, sud jarayonini 10-iyunga belgilagan.

Avval xabar berganimizdek, shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning 26-martdagi qarori bilan Abdulla Qodiriy va Do‘stlik bog‘lari BPM Smart Decision Management kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan edi. Xuddi shu korxona avvalroq G‘afur G‘ulom bog‘ini rekonstruksiya qilgan.

Hokimlik qarorlari e’lon qilinadigan E-Qaror saytida hokimning bog‘larni ijaraga berish to‘g‘risidagi qarori berkitib qo‘yilgan. (Qonunchilikka muvofiq, hokimliklar foydalanishi cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qaror va farmoyishlarni qabul qilishi mumkin. Bularga mudofaa, xavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlar, vasiylik va homiylik to‘g‘risidagi va boshqa ma’lumotlar kiradi.)

Vazirlar Mahkamasining qarori ham xizmatda foydalanish uchun hujjat bo‘lgani sababli jamoatchilikka ochiq emas.

Har ikkala hujjat ham jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmagani sababli aholi hujjatlar bilan tanishish uchun shahar hokimligi va Vazirlar Mahkamasiga qonuniy so‘rovlar bilan chiqqan. Hukumat “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq “hujjat davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga oladi” degan asos bilan 2024-yil 13-martdagi 133-sonli qarorni taqdim etmagan.

Shuningdek, hokimlik “Do‘stlik va Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘larini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish va modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi 26-martdagi 200−14−0-Q/24-sonli qarorni ham taqdim etishdan bosh tortgan.

Ariza beruvchilar jamoatchilikka ochiq bo‘lmagan hujjatlarda “aholining huquq va manfaatlarini buzuvchi ma’lumotlar bo‘lishi mumkin”ligidan xavotirda.

Aholi suddan sudlanuvchilardan Vazirlar Mahkamasi qarori va hokim qarori nusxalarini talab qilib, ularni haqiqiy emas, deb topishni so‘radi.

  • “Gazeta.uz” Do‘stlik bog‘ini rekonstruksiya qilish loyihasida nimalar ko‘zda tutilgani haqida yozgandi. Mahalliy aholi bunga qarshi chiqib, ularga attraksionlarsiz “tinch va sokin bog‘” kerakligini aytmoqda.
  • Do‘stlik bog‘i yaqinda rekonstruksiya qilingan — 2018−2021-yillarda. Ish deyarli to‘rt yil davom etgan. Hukumat qarori bilan bog‘ investorga berilgan, tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan va yaroqsiz holga kelgan. Shaharliklar hokimiyatdan bog‘ni ochishni talab qila boshlaganidan so‘ng, hokimlik rekonstruksiya ishlarini o‘z zimmasiga olgandi.
  • Biz Abdulla Qodiriy bog‘ini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida ham yozgan edik, u yer, investorning so‘zlariga ko‘ra, “qisman attraksionli, ammo asosan yashil hududdan iborat” bo‘ladi.
  • Ikkala bog‘ni ijaraga olgan BMP Smart Decision Management kompaniyasi G‘afur G‘ulom bog‘ini ham rekonstruksiya qilgan. Ushbu bog‘ni ijaraga olish to‘g‘risidagi qarorlar ham ommaga ochiq emas.
  • Aprel oyida Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov ikkala istirohat bog‘ining ijaraga berilishiga munosabat bildirar ekan, bog‘larga davlat boshqaruvchi bo‘lmasligi kerakligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bog‘larni saqlash budjetdan katta mablag‘ni talab qiladi.
  • “Adolat” partiyasi hokimlikni istirohat bog‘larini ijaraga berish kabi muhim qarorlarni qabul qilishdan oldin jamoatchilik fikrini inobatga olishga chaqirgan.