Chirchiq daryosi qirg‘oqlarida noqonuniy qum-shag‘al qazish ishlari davom etmoqda, deb xabar qildi payshanba kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati.

1-may kuni prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgandi.

bosh prokuratura, chirchiq, qum qazib olish, suv resurslari

Kon-tog‘ sanoati va geologiya vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda tog‘li yoki tog‘oldi (quruqlik) hududlarida joylashgan konlarning muqobil maydonlarida tog‘-kon ishlarini tashkil etishi, bu orqali suv resurslarining kamayishi, daryo qirg‘oqlarining eroziyalanishi, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishi lozim edi.

“Afsuski, ko‘zlangan maqsad va belgilangan vazifalarning dolzarbligiga qaramay, moratoriy talablari ayrim hududlarda qo‘pol ravishda buzilib kelinayotganligi aniqlandi”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

bosh prokuratura, chirchiq, qum qazib olish, suv resurslari

Prezident administratsiyasi, Bosh prokuratura, Ekologiya vazirligi va “Havfsiz daryo” DUK xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan monitoring chog‘ida Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining sohilbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida 10 dan ortiq tadbirkorlar moratoriy talablarini buzgan holda, ilgari Geologiya vazirligi tomonidan berilgan litsenziyalar asosida qum-shag‘al materiallarini qazib olishni davom ettirayotgani aniqlangan.

“Achinarlisi, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ushbu noqonuniy faoliyatni to‘xtatish, xususan, amaldagi litsenziyalarni bekor qilish choralari ko‘rilmagan. Oqibatda hududda Chirchiq daryosi qirg‘oqlari ayrim joylarda 30 metrgacha yemirilgan, suvni muhofaza qilish zonalari turli chiqindilar bilan ifloslantirilgan va betartib qazish ishlari tufayli sizot suvlari yuzaga chiqib qolishi holatlari kuzatildi”, — deyiladi xabarda.

bosh prokuratura, chirchiq, qum qazib olish, suv resurslari

Amaldagi me’yorlarni qo‘pol ravishda buzgan holda daryoning sohilbo‘yi hududida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi zavod ham qurilgan va hozirda faoliyat yuritib kelmoqda, deya ta’kidladi Bosh prokuratura.

Endilikda Ekologiya vazirligi “mansabdor shaxslarning beparvoligi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning noqonuniy faoliyati natijasida” atrof-muhitga yetkazilgan zarar ko‘lami va miqdorini aniqlamoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra qonuniy choralar ko‘riladi, deya ta’kidladi tashkilot.

Davom etayotgan qum qazib olish harakatlari

Noyabr oyida ekologlar Toshkent shahridagi Chirchiq daryosining muhofaza zonasini o‘rganib, o‘lchovlardan so‘ng 57,8 ming kub metr qum-shag‘al noqonuniy qazilganini aniqlagandi. Zarar 34,7 milliard so‘mga baholangan, biroq ekspertizadan so‘ng yetkazilgan zarar miqdori oshishi mumkinligi qayd etilgan.

Aprel oyida Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining sohil zonasida navbatdagi reyd o‘tkazilib, tadbirkor tomonidan daryoning muhofaza zonasi va sohilbo‘yidagi 4 gektarga yaqin maydonda noqonuniy ravishda noruda materiallar qazib olingani aniqlangan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 62,3 milliard so‘mni tashkil etgan.

Mart oyida Ekologiya vazirligi tomonidan Qarshi tumanida Qashqadaryo daryosi tubidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq ikkita holat aniqlangan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 41,5 milliard so‘mdan ortiq deb baholangan. Qoidabuzarlardan biri avval ham shu kabi jinoyati uchun bir necha marta javobgarlikka tortilgan.

2022-yil iyul oyida Senat daryo va soylardagi qum va shag‘allarni qazish oqibatida suv resurslarining kamayishi masalasini ko‘rib chiqqandi. “Daryolarning egasi yo‘qdek, suvning egasi yo‘qdek… Daryo o‘zanlarini tozalash, daryo o‘zanlaridan foydali qazilmalar qazib olishga qat’iy cheklov o‘rnatish vaqti keldi, deb hisoblayman”, — degandi o‘shanda senator Risqul Siddiqov.

2023-yil iyun oyida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov vazirlik qurilish maqsadlarida daryo o‘zanlaridan shag‘al va qum qazishni taqiqlash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Buning uchun qum-shag‘al materiallarini qazib olishning yangi manbalarini ochish zarur, degan u.

“Hozirda bu barcha ekologik talablarga zid bo‘lgan beshafqat biznesga aylandi, — degandi vazir o‘shanda. — Daryolar shunchaki qurilish materiallari ishlab chiqarish manbasiga aylanib qoldi, tabiatdan qurilish sanoatiga o‘tib qolgandek. Ammo daryo o‘zanlaridan hech qachon qurilishni noruda materiallar bilan ta’minlash uchun foydalanilmagan”.