10-aprel kuni boshlangan “Toza havo” oyligi doirasida O‘zbekistonning barcha hududlarida 10 kun ichida 58 822 ta avtomobil ekologik nazoratdan o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirlar davomida 518 ta transport vositasi atmosferaga me’yoridan ortiq zararli moddalar chiqarayotgani aniqlandi.

Holatlar yuzasidan jami 303 nafar haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bo‘yicha jami 50,1 mln so‘m jarima qo‘llandi. Shuningdek, 222 ta transport vositasining harakati vaqtincha to‘xtatildi.

“Toza havo” oyligining 2024-yildagi I bosqichi 10-mayga qadar davom etadi. Jarayon davomida jami 200 mingta avtotransport vositasini ekologik nazoratdan o‘tkazish belgilangan.