Parranda grippi virusining sutemizuvchilar, jumladan, odamlar orasida tarqalishi jamoat sog‘lig‘ini saqlashda jiddiy muammo keltirib chiqaradi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakillari ma’lum qildi, deya xabar beradi BMT sayti.

JSST H5N1 deb nomlanuvchi parranda grippi virusining o‘lim darajasi juda yuqori ekanini ta’kidladi. Buni shu kungacha infeksiyani yuqtirgan bir necha yuz kishining kasallik tarixi tasdiqlaydi. Shu bilan birga, H5N1 virusining odamdan odamga yuqishi holatlari qayd etilmagan.

“H5N1 gripp infeksiyasi bo‘lib, avval parrandalar va o‘rdaklar orasida paydo bo‘lgan. So‘nggi ikki yil ichida u faol tarzda tarqaldi va global zoonoz pandemiyaga aylandi”, — dedi JSST bosh olimi Jeremi Farrar Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda. “Juda tashvishli tomoni shundaki, bu virus o‘rdak va tovuqlarga, endi esa sutemizuvchilarga yuqish orqali rivojlanib, odamlarga yuqish qobiliyatiga ega bo‘lmoqda. Keyin esa u odamdan odamga yuqishi mumkin, bu juda xavfli”.

2020-yilda boshlangan H5N1 epidemiyasi o‘n millionlab parrandalarning nobud bo‘lishiga olib keldi. O‘tgan oyda sigir va echkilar H5N1 bilan kasallangan turlar ro‘yxatiga kiritildi. Ilgari ular ushbu turdagi grippga moyil emas deb hisoblangan.

Aprel oyida fermada sigirlar bilan ishlagan Texas fuqarosiga parranda grippi virusi tashxisi qo‘yilgan edi. Bu inson H5N1 virusini kasallangan qoramollar bilan aloqaga kirishish oqibatida yuqtirib olgan birinchi holat hisoblanadi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, oltita shtatdagi 16 ta chorva mollari yovvoyi qushlar bilan kontaktdan keyin virusni yuqtirib olgan.

JSST hali infeksiyaning tarqalishiga nima yordam berayotganini bilmaydi. “Balki sigir sog‘ish mashinalari aybdordir. Yoki ular yashaydigan muhit. Yoki virus butun mamlakat bo‘ylab transport tizimi tufayli tarqalmoqda”, — dedi Farrar.

U virusga qarshi vaksinani ishlab chiqish hali “zarur bo‘lgan” bosqichda emasligi haqida ogohlantirdi hamda butun dunyo bo‘ylab mintaqaviy va mamlakat sog‘liqni saqlash idoralari H5N1 tashxisini qo‘yish imkoniyatiga ega emasligini ta’kidladi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2003-yildan 2024-yilgacha 23 mamlakatda H5N1 ortidan kelib chiqqan 889 ta kasallik va 463 ta o‘lim holati qayd etilgan, bunda o‘lim darajasi 52 foizni tashkil qilgan.