2024-yil 9-aprel kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida metroda o‘ziga notanish qizga shilqimlik qilgan yigit ustidan sud hukmi o‘qildi. Sud hujjatini “Gazeta.uz” o‘rgandi.

Sud majlisida so‘roq qilingan huquqbuzar, 1999-yilda tug‘ilgan X.A.ning ko‘rsatuviga ko‘ra, u 2024-yil 27-mart kuni “Paxtakor” metro bekatidan “Novza” bekatiga qarab harakatlangan, metro ichida odamlar ko‘p bo‘lgani sababli odamlar bir-biriga tegib turgan. X.A. o‘sha vaqtda o‘zi bilmagan holda qizning beldan pastki qismiga tegib ketganini, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini, unga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

Sud majlisida so‘roq qilingan jabrlanuvchi qiz “Oybek” metro bekatidan “Novza” metro bekatiga qarab harakatlanganini, metroda ketayotgan vaqtida X.A. unga nisbatan uyatli harakatlar qilganini aytdi. Qiz dastlab metroda odam ko‘p bo‘lgani sababli orqasida turgan qiz bolaning sumkasi tegib ketgan deb o‘ylagan, so‘ngra unga yana tegina boshlaganida X.A.ning qo‘lidan ushlab olgan. Gaplashib olish maqsadida X.A.ning orqasidan borganiga qaramasdan yigit qochib ketgan. Jabrlanuvchi huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘radi.

Sud X.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasida (Shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, unga nisbatan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Avvalroq ham Toshkentda metro vagoni ichida o‘ziga notanish bo‘lgan ayolning beli va belidan past qismini ushlab, shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga qamalgani haqida xabar bergandik.