Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Yunusobod dehqon bozori va Ahmad Donish bozorini olti qavatli qilish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni poytaxt kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning o‘ta cheklangan maydoni sharoitida mavjud infratuzilmani vertikal o‘sishi hisobiga sanoat va savdoni rivojlantirish zarur.

“Masalan, 4,8 gektarlik Yunusobod dehqon bozori bir qavatli bo‘lgani uchun dimiqib ketgan. „Aloqabank“ boshqaruvi raisi Irisbekova [bozorni] yer ostiga ikki qavat, yer ustiga olti qavat qilib qurishga xorijlik investorlar 40 million dollar sarmoya kiritib va 2500 ish o‘rni yaratish taklifini bergan”, — dedi prezident.

Shuningdek, Yunusobodda tumanida 16,5 gektar maydonda joylashgan kichik sanoat zonasida 91 ta bino va inshootlar joylashgan. Lekin ularning 77 ming kv metr binolarni 3−4 qavat qilib qayta qurish hisobiga qo‘shimcha 200 ming kv metr hosil bo‘lishi mumkin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning natijasida tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 850 milliard so‘mdan 2,5 trillion so‘mga, eksport hajmini 24 million dollardan 80 million dollarga, budjet daromadlarini 100 milliard so‘mdan 300 milliard so‘mga, ish o‘rinlarini 1,5 mingdan 4,5 ming nafarga oshirish mumkin.

Avval yozganimizdek, prezident sessiyada Amir Temur shoh ko‘chasidagi sakkizta davlat idoralari binolarini rekonstruksiya qilish va savdo obyektlari, ofislar va yer osti to‘xtash joylariga ega mehmonxonalar tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga berishni ham taklif qildi.

Dekabr oyida davlat rahbari bozorlarni O‘zbekistonning “vizit kartasi”ga aylantirish kerakligini aytgandi. U milliy madaniyatni aks ettiruvchi yangi zamonaviy bozor majmualari loyihasini ishlab chiqishga topshiriq bergandi.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyevga tarixiy shaharlar bozorlarini sayyohlar uchun jozibador majmualarga aylantirish bo‘yicha loyihalar, shuningdek, Toshkent va boshqa shaharlardagi yangi bozorlar loyihalari taqdim etilgan edi. 515 ta bozorni “tartibga keltirish” uchun alohida dastur ishlab chiqilayotgani xabar qilindi.

Fevral oyida prezident O‘zbekistonda bosh rejalar yo‘qligi tufayli ayrim shahar va qishloqlar faqat maydonlarni ko‘paytirish hisobiga kengayayotgani, bu esa infratuzilma xarajatlarining oshishiga, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning qisqarishiga olib kelishini aytgandi.