O‘zbekistonda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilishda xususiy sektor autsorsing asosida jalb etiladi. Bu haqda 2-aprel kuni prezident ishtirokidagi yig‘ilishdan so‘ng Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov ma’lum qildi.

Bu prezidentning 2023-yil 10-oktabrdagi qarorida nazarda tutilgan. Xususan, 2024-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 20 kilometrgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini foydalanishga xususiy tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni boshlash topshirildi (ro‘yxat).

“Bugungi kunda 42 ming 700 km uzunlikdagi yo‘llarni saqlash ishlari Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxonalar tomonidan amalga oshiriladi. Tan olish kerak, me’yorlarimiz, ekspluatatsiya ishlarini olib borish bo‘yicha standartlarimiz eskirib ketgan. Bu mablag‘larni samarasiz ishlatilishiga yo‘l ochadi. Endi prezidentimiz tashabbusi bilan har bir viloyatda 20 kilometrdan umumfoydalanuv yo‘lini hususiy sektorga autsorsing asosida (umumiy 260 km; yoki xizmat ko‘rsatilayotgan yo‘llarning 0,6 foizi — tahr.) ekspluatatsiya qilishga tender asosida beramiz. Autsorser bir yil davomida ekspluatatsiya ishlarini olib boradi”, — deya ta’kidladi Jamshid Tursunov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqobat avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga yo‘llarni saqlash va ish sifatini oshirish bo‘yicha yangi norma va standartlarni ishlab chiqishga turtki beradi.

Jamshid Tursunov, shuningdek, prezident tomonidan ilgari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatini eski kod va raqamlardan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqishga ruxsat berilganini aytdi. Endi ular milliy kodlar bilan raqamlanadi, bu esa “yo‘llarni yanada rivojlantirish va mablag‘lardan samarali va shaffof foydalanish”ga yordam beradi.