Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘ribosari Kirill Komarov O‘zbekiston bilan respublikada atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma yuzasidan muzokaralar “ancha muvaffaqiyatli” kechayotganini ta’kidladi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

“Shartnoma bo‘yicha muzokaralar ancha muvaffaqiyatli kechmoqda. Men hech kimga ta’sir o‘tkazmaslik uchun bunday holatlarni, sanalarni aytmaslikka harakat qilaman, chunki bu — juda muhim qaror. Bu qaror O‘zbekistondagi keyingi 100 yildagi vaziyat qanday bo‘lishini belgilaydi. Shuning uchun ham, sizga aytamanki, shoshqaloqlik qilish yoki ma’lum xatoga yo‘l qo‘yishdan ko‘ra barcha nyuanslarni muhokama qilish uchun qo‘shimcha vaqt sarflagan ma’qul. Lekin biz istalgan vaqtda ushbu loyihani amalga oshirishga kirishishga tayyormiz”, — dedi Komarov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mutaxassislar allaqachon atom elektr stansiyasi qurilishi mumkin bo‘lgan maydonni batafsil o‘rganib chiqqan va eng maqbul texnologik yechimlar aniqlangan. Bundan tashqari, Toshkentdagi “MMFI” milliy tadqiqot yadroviy universiteti filialida soha uchun mutaxassislar tayyorlash davom etmoqda.

“Biz nafaqat Rossiya, balki dunyoning boshqa mamlakatlari olimlari ko‘magida O‘zbekiston uchun zarur bo‘lgan eng maqbul yechimlar to‘plamini yig‘dik. Masalan, bizdagi an’anaviy atom elektr stansiyalarida bug‘ kondensatsiyalanadigan sovutish minoralari mavjud. O‘zbekistonda suv unchalik ko‘p emas, shuning uchun biz an’anaviy sovitish minoralarini quruq sovitish minoralariga almashtirish yechimini topdik. Vengriyadagi hamkasblarimizda bunday quruq sovitish minoralari bo‘yicha juda yaxshi yechim mavjud, ular allaqachon bundan foydalanmoqda. Loyiha uchun unikal hamkorlarni yig‘ishga biroz vaqt ketdi. Va bu faqatgina Rossiyaning loyihasi bo‘lmaydi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan AES uchun Vengriyaning quruq sovitish texnologiyasidan foydalanilishi xabar qilingandi.

Komarovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston atom elektr stansiyasi loyihasida butun dunyo kompaniyalari muhandislari ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. “Fransiyadan, Janubiy Koreyadan, boshqa mamlakatlardan. Biz uskunalarni qayerdan olish, loyihani qanday qilib chinakam xalqaro loyihaga aylantirish mumkinligi bo‘yicha ko‘plab variantlarni topdik”, — dedi Rosatom bosh direktorining birinchi o‘rinbosari.

Avvalroq O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Daryo”ga bergan intervyusida O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha loyihaning holatiga izoh bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “Rosatom” agentligi bilan uchrashuv va muzokaralar davom etmoqda.

“Bizda MAGATEning talablariga asosan protseduralar amalga oshirilyapti. Ya’ni maydonni litsenziyalash, me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonlari ketmoqda. So‘nggi paytlarda kichik modulli reaktorlar bo‘yicha texnologiyalar rivojlanyapti. Kelishuvga asosan shuni ham parallel ravishda tahlil qilyapmiz. Katta stansiya qurish kerakmi yoki kichik quvvatli stansiyalar qurish bo‘yicha hozir tahlillar olib borilyapti. Nafaqat Rossiya, boshqa xorijiy davlatlar tajribasi, texnologiyasi o‘rganilyapti. Shuning uchun bu borada ishni to‘xtatganimiz yo‘q”, — dedi vazir.

“Juda katta strategik loyiha bo‘lgani uchun shoshilmasdan, barcha narsani o‘lchab, yetti marta emas, yetmish yetti marta o‘lchab, hamma narsasining hisob-kitobini, tahlilini qilgan holda prezidentimizga hisobot kirita olamiz”, — dedi Mirzamahmudov.

“Daryo” intervyusi 2023-yil 23-noyabr kuni e’lon qilingandi. Shu bilan birga, Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev 27−28-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Primakovskiye chteniya” forumida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv ishlari yakuniy bosqichda ekanini ta’kidlagan.

“Bizning tushunishimiz bo‘yicha, biz 2019-yilda barcha asosiy qarorlarga erishdik. Pandemiya ko‘plab jarayonlarni to‘xtatdi, biroq men o‘zbek loyihasini to‘xtatilgan loyiha deb atay olmayman. Atom elektr stansiyasi qurilishi yuzasidan shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda”, — dedi “Rosatom” rahbari va loyihani ishlab chiqish davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

“Biz, jumladan, kam quvvat, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha takliflar berdik. Shartnoma ustida ishlash yetarlicha intensiv davom etmoqda va, menimcha, umuman olganda, biz shartnoma imzolashdan yiroqda emasmiz”, — deya Lixachevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “TASS”.

2023-yil may oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasi qurish masalasini muhokama qilishda davom etayotgani, shuningdek, bir vaqtning o‘zida kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganayotganini ta’kidlagandi. “Atom elektr stansiyasini qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyatdir… Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi u.

2022-yil yozida Energetika vazirligi rahbarining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasini qurish xarajatlarini kamaytirish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi. “AESda ishlab chiqarilgan energiya bizga qanchaga tushadi? Boshqa manbalarga nisbatan raqobatbardosh bo‘ladimi? Iqtisodiy jihatdan samarador bo‘lmasa — ma’no yo‘q”, — degandi u.