O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi. O‘zgartirishlar uch oydan keyin kuchga kiradi, deb xabar qildi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 28-noyabr kuni birinchi o‘qishda, 12-dekabrda ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingandi. Senat tomonidan esa 19-yanvar kuni ma’qullangan.

Qonun bilan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishda birinchi marta ayblanayotgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Ushbu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagicha jazolanadi:

  • BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8 mln 500 ming so‘mdan 17 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Ma’lumot uchun, hozirda amaldagi qonunchilikka binoan uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki foydalanish uchun faqat jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan (Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi 1-qismi bilan — 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, og‘irlashtiruvchi holatlarda — 10 yilgacha).

Dronlar masalasi

2015-yilda mamlakatda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangandi. 2018-yil may oyidan boshlab xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida foto va video materiallar tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan.

2019-yildan esa uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ishlatish uchun Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi (majburiy deklaratsiya bilan tranzit o‘tkazish bundan mustasno) bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilangan.

2020-yil may oyida Andijonda dron yordamida video suratga olmoqchi bo‘lgan videooperatorga uch yillik shartli qamoq jazosi, bir yillik sinov muddati berilgan. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev buni “yil jinoyati” deb atadi va uni jinoyat qonunchiligidan olib tashlash zarurligini aytgan.

2022-yil fevralida rossiyalik sayyohlik blogeri Maksim Limar Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganda qo‘lida kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olingan.

2022-yilning iyun oyida rossiyalik sayyoh Polina Ermakova chegarani kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib dron olib kirgani uchun Toshkentda ushlangan. Sud ayolni oqlagan, ammo dron undan olib qo‘yilgan.

Bojxona qo‘mitasi ta’kidlashicha, o‘zgartirishlar jamiyatimizda ushbu turdagi jinoyatlar ko‘payishini oldini olishga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, mamlakatimizga chet ellik sayyohlar oqimini tobora kengaytirishga xizmat qiladi.