Toshkent shahri Bektemir tumanida joylashgan “Qo‘yliq” dehqon bozori faoliyati tugatildi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi korporativ axborot yagona portaliga bu to‘g‘risidagi ma’lumot yuklangan.

Bozor ma’muriyatining yozishicha, “Qo‘yliq” bozori “jamiyat aksiyadorlarining 2024-yil 29-fevraldagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi qaroriga ko‘ra ixtiyoriy” tugatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 5-yanvar kuni Toshkent shahri hokimligi “Qo‘yliq” bozorida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanganini, bu orada bozor yopiq bo‘lishini ma’lum qilgandi. O‘shanda bozordagi tadbirkorlarga faoliyatini Food City, Tashkent Index va boshqa savdo majmualarida davom ettirish taklif qilingan.

Bozor ko‘chirilishi

2021-yil dekabr oyida Toshkent hokimligi yo‘l kengaytirilishi munosabati bilan dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlari Toshkent viloyatiga, “Qo‘yliq”dan 6,5 km uzoqlikda joylashgan Food City savdo markaziga ko‘chirilishi haqida xabar bergan edi. “Gazeta.uz” “Qo‘yliq” bozorini ko‘chirish va Toshkent viloyatida yangi savdo majmuasini qurish to‘g‘risidagi qaror 2017-yildayoq qabul qilinganini yozgandi.

Bu xabarlardan so‘ng tadbirkorlar bozorning ko‘chirilishiga qarshi chiqishdi va ulardan besh nafari hibsga olingandi. Sotuvchilar 1-yanvargacha rastalarni bo‘shatib, ko‘chib o‘tishlari kerakligi haqida xatlar berilganini ma’lum qildi.

Oradan bir necha kun o‘tib bozor direktorining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev O‘zAga bozor ma’muriyati sotuvchilarga bildirishnoma tarqatmaganini ta’kidladi. “Hozircha na shahar hokimiyati, na bozor ma’muriyati bizga xabar bergani yo‘q”, — degandi u.

Bektemir tumani hokimi Tapil Maxamadziyayev ulgurji oziq-ovqat bozori bosqichma-bosqich Food city`ga o‘tishini tasdiqladi. “Mahsulotlarni Qo‘yliqdagi asfaltda sotish o‘rniga, u yerda (Food city`da) sotish yaxshiroq”, — degandi u.

2022-yil iyun oyida sobiq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent halqa yo‘lining kengaytirilishi munosabati bilan “Qo‘yliq” dehqon bozori va “Qo‘yliq” universal savdo do‘koni obyektlari joylashgan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat bergan edi.

Hokimlik hududi shahar ehtiyojlari uchun tortib olinayotgan “Qo‘yliq” bozori buzilmasligini ma’lum qildi. Avtoturargohning bir qismi va vaqtinchalik qatorlar yo‘l o‘tkazgich qurish uchun ajratiladi.