1-mart kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan o‘z farzandini uzoq vaqt davomida qiynab kelgan fuqaro S.N.ga nisbatan qo‘shimcha ayblov e’lon qilindi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning matbuot xizmati xabar berdi.

Yanvar oyida ombudsmanga ayol 5 yoshli bolasini 1,5 yildan ortiq vaqt davomida beshikka bog‘lagan holda kaltaklab, qiynab kelgani haqida ma’lumot va video dalillar kelib tushgandi.

So‘ngra holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi, “a, v” bandlari (Voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon bo‘lgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov davomida S.N.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari — qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish ham aniqlangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov tamomlanib, ish materiallari qonuniy qaror qabul qilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudiga yuborilgan, deyiladi xabarda.