Nurilla Abduraxmanov Toshkent shahri Bektemir tumaniga hokim etib tayinlandi, deb xabar qildi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Uning nomzodi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari kengashi sessiyasida ma’qullandi.

Nurilla Abduraxmanov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Chilonzor tumanidagi “Gavhar” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelgan.

U 1981-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy. Bungacha Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlari hokimliklarida bir qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Tumanning avvalgi hokimi Tapil Mahamadziyayev fevral oyi boshida lavozimidan ozod etilgan edi. Undan sal oldin prezident bosh vazirga poytaxtning bir qancha tumanlari rahbarlarini, jumladan, Mahamadziyayevning lavozimiga loyiqligini hal qilishni topshirgan edi.