Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzit hajmini 2026-yildan boshlab avvalroq rejalashtirilgan yiliga 3 mrld kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligidagi manbalariga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Avvalroq “O‘ztransgaz” kompaniyasi “shimol”dan tabiiy gaz importi hajmini oshirish maqsadida magistral gaz tizimini modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirish niyatida ekani xabar qilingandi. Bu O‘zbekistonning 2024-yil birinchi choragiga mo‘ljallangan investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarorida nazarda tutilgan.

O‘zbekiston 2023-yil 7-oktabrdan boshlab shimoliy yo‘nalishda, ya’ni Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali gaz import qilishni boshlagandi.

Birinchi bosqichda 2024−2030-yillarda mazkur dasturni amalga oshirish uchun 500 mln dollar ajratish rejalashtirilgan. Buning hisobiga yetkazib berish hajmini sutkasiga 32 mln kub metrgacha oshirish ko‘zda tutilgan (Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan amaldagi kelishuvga ko‘ra, kuniga 9 mln kub metr, yiliga 2,8 mlrd kub metr hajm kelishilgandi, dekabr oyida esa bu hajm ikki baravarga oshirilgan).

Bundan tashqari, “Gazli” gaz ombori saqlash hajmini ikki bosqichda oshirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, 2020-yildan 2025-yil oxirigacha — kon-qidiruv ishlari hisobiga “Gazli” inshootida gaz saqlash hajmini ikki barobarga — 3 mlrd kub metrdan 6 mlrd kub metrgacha yetkaziladi. Ikkinchi bosqichda gaz omborini yakunlash va kengaytirish hisobiga sig‘im 10 mlrd kub metrgacha oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 850 mln AQSh dollariga baholanmoqda.

Shuningdek, o‘tgan yilning noyabr oyida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2024-yil o‘rtalariga qadar 15 yilga gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik majburiyatlari to‘g‘risida kelishib olishni rejalashtirayotganini aytgandi.