AQSh Oliy sudi mamlakat sobiq prezidenti Donald Tramp Kolorado shtatidagi Respublikachilar partiyasining praymeriz saylovlarida saylov byulleteniga kiritilish huquqiga ega ekani to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda CNN.

Dekabr oyida Kolorado sudi 2021-yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishda ishtirok etgani uchun Trampning respublikachilar praymerizida ishtirok etishini taqiqlagan edi. Sud bu qarorni AQSh Konstitutsiyasiga qo‘zg‘olonda qatnashgan mansabdor shaxslar hukumat lavozimini egallashi mumkin emasligi to‘g‘risida kiritilgan 14-tuzatish asosida qabul qilgandi.

Sudning qarori muhim hodisa bo‘lgandi — AQSh tarixida birinchi marta sud prezidentlikka nomzodni Konstitutsiyaga kiritilgan 14-tuzatishga ko‘ra diskvalifikatsiya qilgandi. Shunga o‘xshash taqiqlar bilan yana ikkita shtatda kuzatildi: Men va Illinoysda.

Tramp Kolorado sudi qarori ustidan AQSh Oliy sudiga shikoyat qildi, 4-mart kuni sud uning foydasiga qaror chiqardi. Sud qarori butun mamlakat bo‘ylab majburiy hisoblanadi. Shu tariqa boshqa shtatlardagi taqiqlar ham olib tashlanishi kutilmoqda.

CNN Oliy sud hukmini yana AQSh prezidentligiga intilayotgan Trampning “katta g‘alabasi” deb atadi. Siyosatchining o‘zi bu qarorni olqishladi. “Amerika uchun katta g‘alaba!!!” — deb yozdi u.