Xorazmda tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar belgilanmoqda, deya davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishdan iqtiboslar keltirmoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Umumiy imkoniyatlardan foydalanib, viloyatga 1,5 mlrd dollar sarmoya, shundan 1 mlrd dollari xorijiy investitsiya bo‘lishi, 600 mln dollar eksportni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatda import uskunalar, ehtiyot qism va xomashyo 5 yilga bojxona to‘lovidan ozod qilinadi, qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kunga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.

Mahalliylashtirish loyihalariga olingan kredit foizining 10 foiz bandi qoplab beriladi, davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirishda 5 yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Sotilgan ko‘chmas mulk uchun to‘lov 3 oyda amalga oshirilganda 25 foiz chegirma beriladi. Iqtisodiy va sanoat zonalarida olgan majburiyatini bajargan tadbirkorlar yer va binoni xususiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Eksportchilarga boshqa viloyatdan xomashyo yetkazib berish uchun yo‘l xarajatlarini 50 foizi Eksport jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Shuningdek, Hazorasp erkin iqtisodiy zonasida xitoylik investorlar bilan lak-bo‘yoq, shisha mahsuloti va elektrotexnika yo‘nalishida 300 mln dollarlik 4 ta loyiha joylashtiriladi. Urganch shahridagi “Al-Xorazmiy” majmuasida sanoat binolari qurilib, tadbirkorlarga “tayyor holda” topshiriladi.

Bundan tashqari, viloyatda xorijiy investorlar bilan birgalikda polipropilen, bazalt mahsuloti va sendvich panel ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxona tashkil qilish, ixcham qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, meva-sabzavotni qayta ishlash, mebel va noto‘qima material ishlab chiqarish kabi loyihalar ishlab chiqilgan.

Prezident Xorazmda tayyorlangan ip-kalavaning atigi 30 foizi qayta ishlanayotgani haqida gapirdi. Shu munosabat bilan 2024-yili viloyatga 280 mln dollar investitsiya olib kelib, ip-kalavani qayta ishlashni 60 foizga yetkazish muhimligi qayd etildi. 10 mln dollardan ko‘p eksport qilgan to‘qimachilik korxonalariga aylanma uchun 5 mln dollargacha kredit beriladi. Ularga chet eldan yuqori malakali mutaxassislar olib kelinib, dizaynerlik va marketingga o‘qitiladi, xorijda savdo uylari ochilib, viloyatdagi to‘qimachilik korxonalariga beriladi.

Prezident Urganch shahridagi Maxsus tibbiyot industrial parkiga 50 mln dollarlik 12 ta loyiha joylashtirilishini ma’lum qildi. Yil yakuni bilan farmatsevtika korxonalari sonini 26 taga, mahsulot turini 50 taga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.