2021-yil dekabr oyida 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov jazoni manzil koloniyada o‘tamoqda, deb yozdi Kun.uz manbalariga tayanib. Oliy sud ma’lumotni “Gazeta.uz"ga tasdiqladi.

Akram Rahmonqulov 2021-yil yanvarida Jizzaxda qurilayotgan olti qavatli bino qulashi ortidan lavozimidan ozod etilgan edi. O‘shanda qurilish vaziri Botir Zokirov bino qurilishida “to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema” bo‘lganini ta’kidlagandi, Shavkat Mirziyoyev esa Akram Rahmonqulov “prezident siyosatiga xiyonat qilgan"ini aytgan.

Toshkent viloyati sudi 2021-yil 29-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida uni soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, vakolatni suiiste’mol qilish, daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topib, 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m,172 ta do‘kon, ko‘p qavatli uylardagi 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina va boshqa ko‘chmas mulklar zararni undirish uchun xatlanganini ma’lum qilgan. Jinoiy ish bo‘yicha jami 27 nafar shaxs, jumladan, Akram Rahmonqulovning to‘rt nafar ukasi — Akbar, Alisher, Abror va Adham Rahmonqulovlar hamda uning o‘g‘li Sh.Bahriddinov ishtirok etgan.

Oliy sud matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga tushuntirishicha, Rahmonqulovning 7,5 yillik muddati 2021-yil 15-yanvar — hibsga olingan kundan boshlab — 2028-yil 15-iyulgacha davom etadi. Uning jazo muddati tugashiga 5 yil 2 oy 3 kun qolganida Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudi 2023-yil 12-maydagi ajrimi bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining 113-moddasiga asosan uni umumiy tartibli koloniyadan manzil koloniyaga o‘tkazgan.

Manzil koloniyalarga tuzalish yo‘liga o‘tgan, og‘ir jinoyati uchun, shuningdek, qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar u ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini o‘tagan mahkumlar o‘tkaziladi.

Manzil koloniyalarda mahkumlar soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi. Ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadi. Agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin. Shuningdek, fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradi, pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin.