O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi poytaxtda ko‘plab uy-joylar renovatsiya dasturiga tushgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, bu reja mustahkam qonuniy asosga ega bo‘lishi va renovatsiya to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqilishi kerakligini aytmoqda. Gap Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusi haqida ketmoqda.

Seshanba kuni prezidentga qilingan taqdimotdan so‘ng hokim v.b. Toshkent shahrida 500 gektar maydondagi turar joy binolari renovatsiya dasturi bilan qamrab olinishini aytdi. Prezident renovatsiya mexanizmi qanday bo‘lishi kerakligi haqida tushuntirib, tasdiqlab bergan.

Hokim bergan izohida ko‘p yil oldin qurilgan ikki qavatli binolar, Sergelidagi vaqtincha qurilib ketgan uylar — hammasi talabga javob bermasligi, davlat biznesga sharoit yaratib bergani uchun xususiy sektor kelgusida ularni bemalol ko‘chirishi, chiroyli qurilish obyektlarini barpo etishini aytdi.

Milliy tiklanish partiyasi rasmiy sahifasida renovatsiyaning mustahkam qonuniy asosi bo‘lishi va bu boradagi dasturlar uy-joy mulkdorlari hamda keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilishi zarurligini eslatib o‘tdi.

Foydalanishga yaroqsiz, eskirgan ko‘p qavatli uy-joylarni o‘rniga yangilarini qurish yaxshi albatta. Bu bilan poytaxtimiz obod bo‘ladi, ko‘chalarimiz ko‘rkamlashadi, aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari jadallashadi, deyiladi xabarda.

Tashkilot xabariga ko‘ra, renovatsiya dastularini ishlab chiqish uchun eng avvalo, ushbu jarayonni ochiq va shaffof amalga oshirishning qonuniy asoslari, renovatsiya tartibi va qoidalari bo‘lishi lozim. Qolaversa, renovatsiya dasturi loyihasi renovatsiyaga tushadigan uy-joy mulkdorlarining roziligiga asoslanishi hamda keng jamoatchilik muhokamalaridan o‘tkazilishi shart.

Renovatsiya bo‘yicha qonun qabul qilinmasdan, bu ishlar amalga oshirilsa, afsuski bir necha yillar oldin mulkdorlarning huquqlarini buzish va mamlakatimiz imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan „snos“, degan holatga o‘xshash jarayonlar boshlanib ketishi ehtimoldan yiroq emas. Yangilangan Konstitutsiyamizning 49-moddasida shaharsozlik hujjatlari loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi qat’iy belgilangan. Uy-joy mulkdorlari huquqlari esa Asosiy Qonunimizning tegishli moddalari bilan qat’iy kafolatlandi. Qolaversa, O‘zbekistonga ko‘plab investorlar kelayotgan, turizm rivojlanayotgan bir sharoitda Toshkentning qadimiy va tarixiy ahamiyatga molik binolarini, ko‘p qavatli turar joylarni, umuman olganda shaharning tarixiy qiyofasi va arxitekturasini ham saqlab qolishimiz shart”, — deya keltirmoqda partiya.

Shu bois, Hukumat va Toshkent shahar hokimligi eng avvalo, renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqib, parlament qabul qilgandan keyingina renovatsiya bilan bog‘liq dasturlarni amalga oshirishini maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz, deyiladi partiya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2018-yil dekabr oyida parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida birinchi marta jahon megapolislari tajribasidan kelib chiqqan holda uy-joylarni renovatsiya qilish dasturini qabul qilish zarurligini ma’lum qilgandi.

O‘sha yili respublika bo‘yicha ikki va undan yuqori qavatli 34 584 ta ko‘p qavatli uyni inventarizatsiya qilish natijalari taqdim etilgan. 455 ta uyda avariya belgilari aniqlangan (fasaddagi yoriqlar, poydevorning cho‘kishi, yerto‘la va tom inshootlarida betonning korroziyasi va boshqalar).

O‘tgan yilning noyabr oyida “Adolat” partiyasi bu tartib uchun mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida Toshkent shahrida yangi qurilishlarni amalga oshirishga qarshi chiqqandi.