BBC O‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safoning xabar berishicha, u Toshkent shahri Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limiga “suhbatga” chaqirilgan. Bu haqda u Facebook`da yozdi.

“Meni “topish”dan avval u [militsiya xodimi] ikki marta 58 yashar, nafaqadagi o‘qituvchi opamni bezovta qilgan va Chilonzor tumani “RUVD”siga kelishini aytgan. Men opamga bormang dedim. Londondan telefon qildim”, — dedi u.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Londonda BBC jurnalisti bo‘lib ishlagan 20 yillik faoliyati davomida bu kabi holat birinchi marta sodir bo‘lmoqda. “Qizig‘i, men 2017-yildan beri Chilonzorda “propiska”da turmayman, “propiskam” Londondagi O‘zbekiston elchixonasida”, — ta’kidladi u.

Chilonzor IIB xodimi “Jasur” to‘liq ism-sharifi va rutbasini aytishdan bosh tortdi, dedi Ibrat Safo. Xodim jurnalist internetda O‘zbekiston haqida “negativ” yozgani uchun “Prezident administratsiyasi qoshidagi ommaviy axborot vositalarini monitoring qiluvchi markaz”dan (katta ehtimol bilan gap prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining tarkibiy bo‘linmasi — Ommaviy kommunikatsiyalar markazi haqida ketmoqda) topshiriq olganini aytgan. Gap 1-fevralda Facebook`da qoldirilgan post haqida ketmoqda (quyida).

bbc uzbek, bbc o‘zбек xizmati, magic city, ибрат сафо

Jurnalistning aytishicha, militsiya xodimi “O‘zbekiston hukumatini obro‘sizlantirish” to‘g‘risidagi qonunga ishora qilgan, biroq bu qanday qonun ekaniga aniqlik kiritmagan.

Ibrat Safo o‘z postida hech qanday ism-shariflar keltirmaganini, shunchaki vaziyat haqida “tadbirkor, eks-hokim o‘z og‘zi bilan Magic City`ga egaligini” aytganidan keyin gapirganini bildirgan.

“Shundan norozi bo‘lishibdi. Jasurning necha yoshligi yo jurnalistika borasidagi bilimini bilmayman, lekin u meni „patriot“ bo‘lmaslikda aybladi va bunday postlarni yozishni to‘xtatishimni buyurdi. U o‘zining „patriot“ ekanini ham aytdi. Aynan qanday mavzularda yozishim mumkinligi haqida maslahat so‘raganimda, javob bermadi. Qachon O‘zbekistonga kelishimni bilishga uringanida, undan aviachipta so‘raganim ham negadir unga yoqmadi. Endi shikoyatini Tashqi ishlar vazirligiga jo‘natar ekan”, — deb yozdi jurnalist suhbat BBC studiyasida yozib olinganini ta’kidlab.

“Gazeta.uz” mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan bog‘landi. AOKAning xabar berishicha, na agentlik, na uning tarkibiy bo‘linmasi respublika huquqni muhofaza qilish organlariga “Bi-bi-si” jurnalisti Ibrat Safoga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan xat, so‘rov, ko‘rsatma yoki buyruqni yubormagan.

AOKA har doim davlat organlarini jurnalistlar va OAV huquqlarini hurmat qilishga, axborot qonunchiligiga rioya qilishga chaqirgan va chaqiradi, matbuotga har qanday bosim o‘tkazish so‘z erkinligi va ochiqlikni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatiga zid ekanini ta’kidlaydi.

1-fevral kuni Toshkent shahri sobiq hokimi, Akfa kompaniyalar guruhi asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zining yettita kompaniyasini sotganini ma’lum qilgandi (keyinchalik esa sotilgan kompaniyalari soni 12 ta ekanini aytdi). Ular orasida 2021-yil iyun oyida Milliy bog‘ o‘rnida ochilgan Magic City parki ham bor edi. Loyihaning investori Akfa tarkibiga kiruvchi Stargate Systems bo‘lgan. Kompaniya 20,79 gektar park yerini 49 yillik ijaraga olgandi.

O‘shanda “Gazeta.uz” 426,9 milliard so‘m bo‘lgan Stargate Systems kompaniyasi ta’sischilari Tashkent Aquarium (86,2 foiz) va prezidentning sobiq maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning (Jahongir Ortiqxo‘jayevning qudasi) o‘g‘li Alisher Abdujabborovich Abduvohidov (13,8 foiz) ekanini aniqlangandi. Alisher Abduvohidov Tashkent Aquarium`ga to‘la egalik qiladi (100 foiz), shuningdek, Artel Technical School va boshqa korxonalarda ulushlarga ega.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Tashkent Aquarium kompaniyasi Stargate Systems kompaniyasining 99,9 foiz ulushini 371,4 milliard so‘mga sotib olgan.