Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki loyihasi qiymati 470 million dollarga baholanmoqda. Bu “Gazeta.uz” e’tibor qaratgan, 2024-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarorida ko‘zda tutilgan.

Loyiha 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan. Chet ellik investor sifatida Singapurning nomi to‘liq bo‘lmagan (PTE Ltd) kompaniyasi belgilangan. Avvalroq loyiha pudratchisi sifatida Singapurning Enter Engeneering PTE Ltd kompaniyasi tanlangandi.

Joriy yilning birinchi choragida 14,9 million dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Loyiha va aholining e’tirozlari haqida

2023-yil yanvar oyi boshida buxoroliklar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shahar markazida sayyohlik markazi qurilishi rejasi yuzasidan murojaat qilgandi. Loyiha buyurtmachisi sifatida Samarqandda xuddi shu markazni qurayotgan Enter Engineering kompaniyasi tanlangan

32,6 gektar maydonda majmua yaratish uchun 29 ta davlat obyekti, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahri hokimliklari binolari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, Buxoro shahridagi 2-sonli maktab buzilishi mumkin edi. Shuningdek, ula orasida davlat tibbiyot kolleji, Madaniyat kolleji, “Buxoro Arena” stadioni, FHDYO va boshqalar ham bo‘lgan.

Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh hududlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilishi hisobga olinib, loyiha konsepsiyasini YUNESKO bilan kelishish to‘g‘risidagi hukumat qarori chiqarilgan.

Kun.uz nashrining xabar berishicha, turistik markaz qurilishi uchun tanlangan hudud Buxoroning tarixiy markazi bufer zonasida joylashgani bois YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyihani qo‘llab-quvvatlamagan.

Hokimlik bir yil avval jamoatchilik va fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda loyihani amalga oshirish uchun boshqa yer uchastkalari tanlab olinishini ma’lum qilgandi. Ma’muriyat, shuningdek, YUNESKO xulosasi olingandan keyingina yakuniy qaror qabul qilinishi va qurilish ishlari boshlanishiga ishontirgandi.

Biroq joriy yilning yanvar oyida loyiha baribir dastlab rejalashtirilgan joyda amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Deyarli barcha inshootlar, jumladan, stadion buziladi. Viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahrining 6-mikrotuman hududida 20 ming o‘rinli yangi markaziy stadion bunyod etilishini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, avtoturargohlar uchun 5−6 gektar yer ajratiladi.

Fevral oyi boshida YUNESKO vakolatxonasi Kun.uz`ga hukumat ushbu loyiha uchun tashkilotdan hali ruxsat olmaganini ma’lum qilgan va O‘zbekiston rasmiylarini tarixiy shaharning bufer zonasidagi loyiha haqida zudlik bilan xabar berishga chaqirgandi. “Gazeta.uz” YUNESKOga qo‘shimcha savollar bilan yuzlandi.

Shunga qaramay, aholi va OAV xabarlariga ko‘ra, Buxoroda markaziy o‘yingohni buzish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.