O‘zbekistonda metan “zapravka”lar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar 22-fevraldan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev.

“Zapravka”lar faolyatiga cheklov gaz bosimning kamayganini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida 18-fevral kuni kiritilgandi.

Vazirlik vakilining aytishicha, metan “zapravka”lar bilan bog‘liq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar axborot resurslarida, shuningdek, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining rasmiy axborot manbalari orqali xabar qilib boriladi.

21-fevral kuni mamlakatdagi 407 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar — tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa obyektlarga tegishli avtomobillarga 2 mln 607 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda, dedi Hasan Toshxo‘jayev. Xususan, 21-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 501 tonna avtobenzin yetkazib berilgan. Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun qo‘yilgan 9 ming 110 tonna avtobenzinning 4 ming 276 tonnasi, 2 ming 100 tonna dizel yonilg‘isining esa 1 ming 308 tonnasi sotilgan.