21-fevral kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan odam savdosida ayblanib qidiruvda bo‘lgan 23 yoshli Munisaxon Alijonova Turkiyadan deportatsiya qilindi, deb xabar qildi O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi.

“Monya” nomi bilan tanilgan ayol 2023-yildan beri qidiruvda bo‘lgan. U 13-fevral kuni Istanbulda O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma tezkor tadbir doirasida qo‘lga olindi.

Ushbu ayolning harakatlaridan jabrlangan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi yoki IIVga murojaat qilish so‘raladi.

Bu yil boshidan buyon odam savdosida ayblangan ayollar Turkiyadan deportatsiya qilinishi bilan bog‘liq uchinchi holat hisoblanadi. 10-yanvar kuni “Madam Klod” nomi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova, 24-yanvar kuni Dilnoza Umarova va Mavludaxon Ulmasova O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi.