“O‘ztransgaz” kompaniyasi “shimoldan” tabiiy gaz importi hajmini oshirish maqsadida magistral gaz tizimini modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirmoqchi. Bu O‘zbekistonning 2024-yil birinchi choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarorida nazarda tutilgan.

2023-yil 7-oktabrdan buyon O‘zbekiston Rossiyadan gazni Qozog‘iston hududi orqali shimoliy yo‘nalishda import qilmoqda.

Birinchi bosqichda 2024−2030-yillarda mazkur dasturni amalga oshirish uchun 500 million dollar ajratish rejalashtirilgan. Shu tufayli hajmni sutkasiga 32 million kub metrga yetkazish ko‘zda tutilgan (Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan amaldagi kelishuvga ko‘ra, kuniga 9 million kub metr yetkazib berish ko‘zda tutilgan, dekabr oyida esa bu hajm ikki baravar oshirilgan).

Loyihani xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston magistral gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish dasturini (2021−2024) amalga oshirishni davom ettirish ko‘zda tutilgan. Umumiy qiymati 483 million dollar bo‘lgan loyiha 511 kilometr magistral gaz quvurlari va 10 gaz haydash agregatlarini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. 1-yanvar holatiga ko‘ra, 50,1 million dollarlik kredit mablag‘laridan foydalanilmayapti.

O‘tgan yilning noyabr oyida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2024-yil o‘rtalariga qadar 15 yilga gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik majburiyatlari to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkinligini aytgan edi.

Keyinchalik Energetika vazirligi rahbari nega mamlakat yonida gazi ko‘p Turkmaniston bor bo‘la turib, uzoqroq bo‘lgan Rossiyadan ham gaz import qilayotganiga, shuningdek, boshqa davlatlarga gaz eksport qilinayotganiga tushuntirish bergandi. O‘shanda u Rossiyadan gaz yetkazib berish masalasini siyosiylashtirish noto‘g‘ri ekanini aytgan edi.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz importini amalga oshirdi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni tahlil qilgandi.