“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 2024-yil 19-fevral kuni navbatdagi sud majlisi o‘tkazildi. Unda Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyevning nutqi tinglandi, deya yozmoqda Kun.uz nashri.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi Davlat markazining sobiq direktori Sardor Kariyev unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlardan birortasida qandaydir jinoiy qasd yoki sovuqqonlik bo‘lmaganini aytdi va suddan oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.

Quyida uning nutqi keltirib o‘tiladi:

“Assalomu alaykum sud ishtirokchilari, sud hay’ati avvalambor men advokatlarim, himoyachilarim tomonidan muzokara davomida keltirilgan vaj va dalillarning barchasiga qo‘shilaman. Tergov tomonidan menga qo‘yilgan ayblarning birortasiga ham iqror emasman, deb hisoblayman. Menga qo‘yilgan ayblovlardan birortasida menda qandaydir jinoiy qasd yoki sovuqqonlik bo‘lmaganini ta’kidlab o‘taman.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, tergov yoki sud davomida men o‘zimning ko‘rsatmalarimni o‘zgartirmadim. Menga qarshi ko‘rsatma berayotgan odamlarning barchasi o‘zining ko‘rsatmasini yo o‘zgartirdi, yo boshqacha vajlar bilan to‘ldirdi. Bu, albatta, dalolatki, ularning menga qarshi berayotgan ko‘rsatmasida haqqoniylik yo‘qligidan.

Dastlabki tergov hujjatlari va pushaymonlik xatlari bilan tanishganimda bir narsaga guvoh bo‘ldimki, nimaiki qilingan bo‘lsa hammasi mening nomimni sotib, orqamdan qilingan harakatlar. Bu hujjatlar bilan siz ham tanishgansiz, albatta. Shu xulosaga kelishingiz mumkin. Menga asosiy qo‘yilayotgan ayblardan biri bu go‘yoki men inspeksiyadan yechilish bo‘yicha topshiriq bergan ekanman. Bu narsa bo‘lmagan va bunaqa topshiriq bermaganman", — deya ta’kidlagan agentlikning sobiq rahbari.

Sardor Kariyev bularni inobatga olgan holda suddan o‘ziga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.

Oldingi sud majlisida Kariyevning advokatlari nutqi tinglanib, ular tergovda Kariyevga qo‘yilgan ayblovlar sudda o‘z isbotini topmaganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, sud ishi doirasida prokuror Saidakramxon Oqilov sud hay’atidan Sardor Kariyevni 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni va tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashni belgilatishni so‘ragandi. Quramax (dori import qiluvchi) kompaniyasining sobiq direktorini esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etish so‘ralgan. Shuningdek, davlat qoralovchisi sudlanuvchilardan halok bo‘lgan bolalarning oilalariga 100 million so‘m undirishni so‘radi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi O‘zbekistonda Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi dori vositalarini, jumladan, “Dok-1 maks” yo‘tal siropini iste’mol qilish oqibatida kamida 69 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini o‘tgan yilning 11-avgust kuni ko‘rib chiqishni boshladi. Sudda 23 kishi (18 erkak va 5 ayol) bor.