15-fevral kuni soat 18:00 atrofida Qozog‘istonning Aqmola viloyatida yo‘lda qolib ketgan 64 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchi evakuatsiya qilindi, deya xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar departamentiga tayanib, Kazinform agentligi.

Biroq O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasining ma’lum qilishicha, 64 nafar kishining 27 nafari o‘zbekistonlik (jumladan 12 nafari bola)lar bo‘lgan.

Qayd etilishicha, Ostana-Chelyabinsk yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi avtobusi Jaqsi-Yesil-Buziliq yo‘lidagi Jaqsi qishlog‘i yaqinida buzilib qolgan. Jaqsi tumani qutqaruvchilari chaqiruv joyiga yetib borgan.

Ular buzilgan avtobusda bo‘lgan 64 nafar yo‘lovchini (shundan 17 nafari bolalar) Jaqsi qishlog‘idagi 1-sonli o‘rta maktabda joylashgan isinish joyiga olib borgan. Yo‘lovchilar tibbiy yordamga muhtoj bo‘lmagan, deyiladi agentlik xabarda.

Elchixona ushbu masala nazoratga olinganini bildirdi va O‘zbekiston fuqarolarini og‘ir ob-havo sharoitida safarga chiqmaslika chaqirdi.