“O‘zbekneftgaz” rahbari Bahodirjon Sidiqov AJ dizel yonilg‘isi narxini 15 foizga pasaytirmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Bu bo‘yicha 13-fevral kuni prezident raisligida o‘tgan videoselektr yig‘ilishida topshiriq berilgan.

Bahodirjon Sidiqov “O‘zbekneftgaz” oldida 2024-yilda 680 ming tonna dizelni arzonlashtirilgan narxda fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish vazifasi turganini ta’kidladi. Uning aytishicha, “O‘zbekneftgaz” tomonidan ushbu vazifa ijrosi ta’minlanadi.

“Biz 2024-yilda 2023-yilga nisbatan qo‘shimcha 200 ming tonna dizel yonilg‘isini ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Dizel yetkazib berish bo‘yicha miqdor jihatidan hech qanday masala bo‘lmaydi. Yana bir topshiriq dizel yonilg‘isini arzonlashtirilgan narxda yetkazib berish bo‘yicha bo‘ldi. Biz bir hafta davomida barcha hisob-kitoblarimizni yakunlab, dizel yonilg‘isining birjaga qo‘yiladigan narxlarini 15 foizga kamaytirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘ryapmiz”, — dedi Sidiqov.

Qayd etilishicha, ushbu dizelning sifatli bo‘lishini, o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash uchun yangicha tartib o‘rnatiladi. Yangicha tartib orqali hududlar kesimida “O‘zbekneftgaz”ning markaziy apparati va neft bazalari, bundan tashqari, fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi mas’ullarning alohida vazifalari belgilab beriladi.

Bundan tashqari, fermerlar uchun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariga o‘z savollari yoki taklif va mulohazalarini yuborish mumkin bo‘lgan Telegram guruhi ochilgan. Fermerlar 71−233−28−88 raqamlariga ham qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin, dedi kompaniya rahbari.

Yil boshidan 12-fevralgacha dizel yoqilg‘isi uchun birja kotirovkalari 8,8 foizga oshdi — bir tonna uchun 11,15 mln so‘mdan 12,14 mln so‘mgacha, kunlik sotuv hajmi esa 540,9 tonnadan 2358 tonnagacha ko‘paydi. Shu bilan birga, roppa-rosa bir yil avval birjada dizel yoqilg‘isi 12,3 mln so‘mdan sotilgan, narx ma’lum muddat 14 mln so‘mdan ham oshgan.

Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda joriy yilning yanvar oyida dizel yoqilg‘isining o‘rtacha tortilgan narxi bir tonna uchun 271,2 ming tengeni (7,46 mln so‘m), fevralda esa 279,4 ming tengeni (7,7 mln so‘m) tashkil qilgan. Qirg‘iziston va Turkmanistonda ham narxlar O‘zbekistonnikidan past.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda 1,01 mln tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 26,6 foizga yoki 212,4 ming tonnaga ko‘p.