Toshkent viloyatining Nurobod hududida joylashgan “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasining atmosferaga chiqarayotgan zararli moddalari belgilangan me’yorlardan yuqoriligi aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, IESda chang-gaz tozalash uskunalari (filtrlari) samaradorligi 80 foizgacha tushib ketgan. Holat bo‘yicha atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirgani uchun 887 million, sanoat chiqindilarini belgilanmagan joyga joylashtirgani uchun 116 mln — jami 1 milliard 3 mln so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Bundan tashqari, 11 nafar mansabdor shaxsga nisbatan tegishli choralar ko‘rish yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilindi.

Shuningdek, atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish va chang-gaz tozalash uskunalarining ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Ekologiya vazirligi tomonidan aholini issiqlik bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida issiqlik stansiyalari tomonidan mazutdan foydalanish havo ifloslanishining sabablaridan biri sifatida keltirilgandi. Agar 2018-yilda 6,8 million tonna iste’mol qilingan bo‘lsa, 2022-yilda 8,3 million tonnadan ortgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasida ko‘mirdan foydalanish 2 barobarga oshgan.

Yanvar oyida ekologlar Toshkent issiqlik elektr stansiyasi (ToshGRES)ning havo va tuproqqa ta’sirini o‘rgangan va aniqlangan zarar 1 mlrd so‘mga baholangan. IES asosiy yoqilg‘i sifatida gazdan foydalanadi, lekin ba’zida mazut yoqadi, shuning uchun poytaxtni tutun qoplagan.

Vazirlik, shuningdek, Toshkent shahridagi havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar loyihasi haqida ham ma’lumot bergan. Issiqxona hamda zavodlarda chang-gaz filtrlarini o‘rnatish, Ai-80, IESlarda ko‘mir hamda mazutdan foydalanishni taqiqlash va boshqalar shular jumlasidandir. Prezident ushbu chora-tadbirlarning aksariyatini amalga oshirishni topshirgan.