Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda uy-joyga talab yuqori bo‘lsa-da, 2023-yilda 16 ta tumanda birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmaganini tanqid qildi.

Qayd etilishicha, 2023-yilda hududlarda 2 mingta ko‘p qavatli uy-joy qurib, aholiga topshirish bo‘yicha olingan reja to‘liq bajarilmay qolgan. Bunda 124 ta uy-joy qurilishi yakunlanmagan, qurilgan uylardan 450 tasi haligacha foydalanishga topshirilmagan.

Shu sababli bosh vazir Abdulla Aripovga Nukus (Qoraqalpog‘iston), Qorovulbozor (Buxoro viloyati), Navbahor (Navoiy), Kosonsoy (Namangan), Nurobod (Samarqand), Oltinsoy, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon (Surxondaryo), Oqoltin, Sayxunobod, Mirzaobod, Xovos (Sirdaryo), Piskent (Toshkent viloyati), Qo‘shtepa, Bag‘dod (Farg‘ona) tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev bosh vazirga Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqo‘rg‘on, Urganch tumanlarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagani munosabati bilan ushbu 7 ta hudud hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirgandi.

Shuningdek, joylardagi iqtisod bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, viloyat va tumanlardagi iqtisodiyot bo‘limlari rahbarlari inflyatsiyani jilovlashni o‘ylamagani sababli bosh vazirga 9 ta tuman-shahardagi hokim va sektor rahbarlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirilgan.