Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistondagi ekologik muammolar haqida gapirdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari 2020-yildan buyon hududlarda 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushirilgani, shu davrda qariyb 250 mingta yangi uy-joy barpo etilganini ta’kidladi.

Hozirgi kunda sanoat korxonalari va avtomobillar atmosferaga 2 million tonnadan ortiq ifloslantiruvchi moddalarni chiqarmoqda.

Toshkent, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Angren, Bekobod va Quvasoyda havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori boshqa hududlarga nisbatan sezilarli darajada yuqori. Hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10 yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari mavjud.

Prezident sanoat korxonalari “oyoqqa turishi” uchun ko‘plab yengillik va imtiyozlar berilgani, lekin ayrim korxonalar na soliqlar to‘lashni, na atrof-muhitni himoya qilishni o‘ylamayotganini ta’kidladi. “Gazeta.uz” avvalroq sement zavodlari faoliyatining atrof-muhit va inson salomatligiga ta’sirini keng muhokama qilish zarurligi haqida yozgandi. Joriy yildan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasi qariyb 4 baravar kamaytirilgan.

Aksariyat hollarda qurilish obyektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan o‘tkazilmasdan amalga oshirilyapti. Shu munosabat bilan 1-apreldan har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinishi belgilandi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga hokimlar va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda joylarda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha har bir tuman va shaharning “master-reja”sini ishlab chiqish topshirildi. Yil yakunida hudud va tarmoqlarning ekologik reytingi va ekologik pasporti e’lon qilib boriladi. Natijalari bo‘yicha esa hokimlar aholiga murojaat qilishi belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatishni boshlash vazifasini qo‘ydi.

Yil yakunigacha 112 ta yirik sanoat korxonasi va barcha sement ishlab chiqaruvchilarda zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishi, eskilari almashtirilishi, havoga chang tashlash darajasi yuqori bo‘lgan korxonalarda filtrlar yangilanishi kerak.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. Foto: Prezident matbuot xizmati.Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbog‘” yaratilishi, jami 10 million tup daraxt ekilishi kerak.

Qolaversa, qurilish korxonalari ham ijtimoiy mas’uliyatni his qilgan holda Toshkentda “yashil belbog‘lar” tashkil qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Ekologiya vazirligiga viloyatlar hokimlari bilan birgalikda “noqonuniy kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 ta ko‘chat ekish” tizimini joriy etish topshirildi. Toshkent viloyatining Ohangaron hududidagi 23 gektar va Yangiyo‘ldagi 37 gektarda joylashgan sobiq chiqindi poligonlari hududida “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, suvga zararli tashlanmalarni oqizayotgan va o‘zidan zararli chiqindilarni ko‘p chiqarayotgan korxonalar bilan ishlash bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarini to‘liq yashillik bilan qoplashni nazarda tutuvchi kamida 3 ming gektar “yashil belbog‘” va 200 gektar “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.

Shuningdek, poytaxt ko‘chalariga atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatiladi.

Avvalroq Ekologiya vazirligi “Gazeta.uz”ga Toshkent atrofida ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar sababli “yashil halqa” o‘rniga “kulrang halqa” hosil bo‘lgani haqida xabar bergandi. Poytaxt atrofida jami 1314 gektar maydonda 631 ta issiqxona faoliyat yuritmoqda. Vazirlik tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda issiqxonalar soni 2,5 barobarga yetdi (Toshkent viloyatida — 2 barobar) va ushbu issiqxonalarning 60 foizi isitish tizimining asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanmoqda.

Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar loyihasi haqida ma’lumot bergan. Issiqxona hamda zavodlarda chang-gaz filtrlarini o‘rnatish, Ai-80, IESlarda ko‘mir hamda mazutdan foydalanishni taqiqlash va boshqalar shular jumlasidandir.