Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda jamoat transportini jadal rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi, deb xabar qildi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbarining aytishicha, tirbandlik havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki harakatdagi avtomobilga qaraganda tirbandlikda turganlari havoni ko‘proq ifloslantiradi.

Endi avtobuslar xarid qilishda ularning yo‘lovchi sig‘imiga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Prezident Toshkent metropoliteni vagonlari sonini ko‘paytirish chora-tadbirlarini tezlashtirish bo‘yicha ham topshiriq berdi.

Bundan tashqari, “yashil energetika"ni qo‘llab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va havo ifloslanishining zararli oqibatlarini kamaytirish maqsadida aholini elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Rossiyaning “Transmashxolding” rahbari Toshkent metropoliteni 2023-yilda yana 56 ta vagon yoki 14 ta poyezd tarkibi qabul qilib olishi kerakligini aytgan edi. 2019−2021-yillarda 60 ta vagon yetkazib berilgan.

O‘tgan yilning oktabr oyida poytaxt metropoliteni yil oxirigacha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini xarid qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. 2024-yilda qo‘shimcha 104 ta metro vagoni xarid qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov va boshqa mas’ul rahbarlarga Toshkent shahridagi tirbandlik muammosini hal etish bo‘yicha takliflar tayyorlashni buyurdi. “Barcha rahbarlar „Shahar — piyodalar uchun“ shiorini o‘zining asosiy tamoyiliga aylantirishi kerak. Bunda, jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishi, avtomobillar esa hashamatga aylanishi kerak”, — dedi u.

Prezident, shuningdek, bosh vazirga 2025-yildan boshlab Ai-80 benzinidan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4” standartidan past yonilg‘idan foydalanish oqibatida atrof-muhitga yetkaziladigan zararni kamaytirish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.