2021-yilda tuhmat va tovlamachilikda ayblanib 6,5 yilga qamalgan bloger Otabek Sattoriy 2024-yil aprel oyi oxiri yoki may oyi boshida ozodlikka chiqishi mumkin. Bu haqda u bilan 13-yanvar kuni Qarshidagi manzil koloniyada uchrashgan “Ezgulik” jamiyati a’zosi Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida ma’lum qildi.

“Qarshidagi manzil koloniyada bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashuv juda yaxshi o‘tdi. Otabek avvalo o‘zini qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi. Koloniya boshlig‘ining ta’kidicha, aprel oxiri, mayning boshlarida u ozodlikka chiqadi. Tikuv sexida ishlamoqda”, — deya yozgan Tashanov.

Ta’kidlanishicha, manzil koloniya bo‘lgani uchun hamma mahkumlar qatori belgilangan huquqlaridan foydalanib kelmoqda. “Uyidagilar, qarindoshlari kelib turishibdi. Ombudsmanchilar kunda shu yerda, ozodlik uchun faqat kun sanab yashamoqda. „Qamoqdagi rasmim internetga chiqishini istamayman“ dedi, shu boisdan koloniya u bilan rasmimizni xizmatda foydalanish uchungina olishdi, menga berishmadi” — deydi Abdurahmon Tashanov.

“Otabekning ta’kidicha, o‘ziga chiqarilgan sud hukmi bo‘yicha qayta shikoyat qilish niyati yo‘q. Tinchgina axborot texnologiyalari sohasida ishlamoqchi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni yuksak salohiyatli lider, deb biladi va unga xizmat qilishdan o‘zidan faxr tuyadi”, — deyiladi xabarda. Aksincha, Tashanov uni jazo muddati bitgach, o‘zini oqlashga urinishga chaqirgan.

Sattoriy ishi

2021-yil 29-yanvar kuni Termiz shahri IIB xodimlari Otabek Sattoriyni qo‘lga olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari uni majburan mashinaga o‘tqazib, olib ketayotgani aks etgan video tarqalgan. Dastlab unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddaning 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, keyinchalik ushbu moddaning 2-qismi sifatida qayta tasniflangan, keyinroq yangi ayblovlar qo‘yilgan.

Advokat bu ish uydirma ekanini ta’kidlagan. Vaziyatga deputat Rasul Kusherbayev, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi rahbari Komil Allamjonov, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (AQSh) va boshqalar munosabat bildirgan. Bunga javoban Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishi tergoviga aralashganlik uchun javobgarlik borligi haqida ogohlantirgan.

Sud 2021-yil 10-mayda Sattoriyani 6 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyada o‘tashga hukm qilgan. Prokuror unga 11 yil qamoq jazosini so‘ragan. “Gazeta.uz” davlat ayblovchisi va advokatning Otabek Sattoriyga nisbatan ishda bildirgan pozitsiyalari haqida hikoya qilgan.

Apellyatsiya instansiyasi va Oliy sud hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi sobiq rahbari Komil Allamjonov (hozirda Prezident administratsiyasi axborot siyosati bo‘limi mudiri) ushbu ish fonida “cho‘chib qolgan bloger yoki jurnalist anonimga aylanib ketishi mumkin”, — deb post qoldirgan.

“O‘zimizning jurnalistlarni qo‘llash, himoya qilish o‘rniga og‘zini ocholmaydigan darajada qo‘rqitib qo‘ysak, ularning o‘rnini boshqalar — tashqaridan turib fitna chiqaradiganlar egallashi aniq!” — degan u.