O‘zbekiston Madaniy meros agentligi “Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bino va inshootlari madaniy meros obyektlari ro‘yxatidan chiqarilishi hamda faollarning majmua o‘zining avvalgi qiyofasini saqlab qolmasligi xavotiriga oid postlariga munosabat bildirdi.

Agentlikning qayd etishicha, 1914−1983-yillar mobaynida bunyod etilgan 14 ta bino va inshootdan iborat majmuada 2023-yilning 14-oktabrida ishchi guruh mazkur obyektlarda tarixiy va madaniy ekspertizani o‘tkazdi.

Guruh tarkibi Madaniy meros agentligi vakillari, agentlik huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi a’zolari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Sharq nashriyoti matbaa korxonasi” aksiyadorlik jamiyati xodimlaridan iborat edi.

Ekspertiza natijalariga ko‘ra, Ishchi guruh tomonidan bino va inshootlarning “aksariyati to‘liq rekonstruksiyani taqozo etuvchi avariya holati, ayanchli ahvolda ekani” to‘g‘risida tegishli xulosalar qilingan. Shuningdek, tarixiy va madaniy ahamiyatga molik binolar aniqlangan. Xabarda agenilik gap qaysi binolar haqida ketayotganini aniqlashtirmagan.

Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mulk majmuasining realizatsiya qilinishida “O‘zA binosi” (liter 0002) ma’muriy binosining tarixiy me’moriy qiyofasini saqlab qolish zarurligi, kelgusida esa qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish vazifasi yuklatilgani qayd etilgan.

Shuningdek, Madaniy meros agentligi Toshkent shahridagi modernizm inshootlari, shu jumladan, O‘zA binosini YUNESKO Butunjahon merosining dastlabki ro‘yxatiga kiritish uchun arizani tayyorlaganini ta’kidladi.

“Sharq” binolarini sotuvga qo‘yilishi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2023-yil 20-sentabrida “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi binolari va O‘zA binosini yagona mulkiy majmua sifatida savdoga (xususiylashtirishga) qo‘ygan edi. Bu yangilik jamoatchilikning keskin noroziligini keltirib chiqargan edi. Shuningdek, Madaniy meros agentligi har ikkala bino O‘zbekiston moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilganini eslatib, ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha ogohlantirish bergan edi.

Agentlik o‘z bayonotida “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga muvofiq, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obyektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilanganini ham qayd etib o‘tgan edi.

Shundan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi obyekt hududida joylashgan bino-inshoot yoki yer maydonining qaysi qismi (biri) madaniy meros obyekti hisoblanishiga aniqlik kiritish bo‘yicha birgalikda ish tashkil etishga kelishib olinganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, agentlik Toshkent ramzlaridan biri hisoblangan 16 qavatli modernizm yodgorligi — O‘zA binosi madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilmaganini ko‘rsatib o‘tgandi.

Shuningdek, Davaktiv “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasida xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yo‘l qo‘yilishi mumkinligini alohida eslatib o‘tgandi.