O‘zbekistonda chet elda ishlab chiqarilgan pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilish yuzasidan cheklov bekor qilinishi mumkin. Senat ushbu norma ko‘zda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

Qonunga ko‘ra, “Reklama to‘g‘risida”gi milliy qonun Jahon savdo tashkilotining Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilib, erkin raqobat muhitini yaratilishi ta’minlanadi.

O‘zbekistonda avval ushbu mahsulotlarini reklama qilish taqiqlangandi. 2022-yil 9-sentabr kuni kuchga kirgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra alkogol mahsulotlari reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi, ammo O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan pivo, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

  • Mehmonxonalarda, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining savdo zallarida, shuningdek bunday mahsulotlarni namoyish qilish va tatib ko‘rish joylarida;
  • poyezdlar va samolyotlarda;
  • televideniye va radioda — soat 23:00 dan 07:00 gacha;
  • yosh tasnifini ko‘rsatgan holda — ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilarning rasmiy veb-saytlarida.

Qonunga ko‘ra, reklama materiallari spirtli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish xavfi haqida ogohlantirish bilan chiqishi kerak:

  • Bunda ichimlikni ichish tavsiya etilmaydigan odamlar toifasini ham qayd etish;
  • Bunday mahsulotlarni iste’mol qilish jarayonlarini namoyish etmaslik, bu jarayonlar ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishish yoki jismoniy va ruhiy holatni yaxshilash uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi;
  • shaxsda ularni iste’mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlardan iborat bo‘lmasligi;
  • Unda inson obrazidan foydalanilmagan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, qonunda bu turdagi ichimliklarni reklama qilishda:

  • rag‘batlantiruvchi aksiyalar yoki shunga o‘xshash boshqa tadbirlar o‘tkazishga;
  • madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy va sport tadbirlariga homiylik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.