12-yanvar kuni prezident mamlakatga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Tahririyatda hujjat nusxasi mavjud.

Farmonga ko‘ra, turizm salohiyati yuqori tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat turizm markazlari quriladi.

Bundan tashqari, “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti va “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort zonasi hududida boj olinmaydigan (“duty free”) va yirik xalqaro brendlarning savdo do‘konlaridan iborat bo‘lgan yirik savdo komplekslari (Luxury tourism village) ochiladi.

Turizm markazlari hududidagi mehmonxonalarda suzish havzalari, 24 soatlik restoran va kafelar bo‘lishi, sog‘lomlashtirish va SRA xizmatlari ko‘rsatilishi kutilmoqda.

Savdo-ko‘ngilochar majmualarda ham “duty free” savdo do‘konlari va qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan sotilgan ayrim turdagi tovarlarga “tax free” tizimi qo‘llanadigan chakana savdo shoxobchalari ochiladi. Bundan tashqari, u yerda milliy ipak matolar va hunarmandchilik buyumlari savdosi yo‘lga qo‘yiladi, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va og‘irligi 10 grammdan 1 kilogrammgacha bo‘lgan o‘lchovli oltin quymalari savdosi uchun “oltin yo‘lak” tashkil etiladi. Bundan tashqari, majmualarda yirik xalqaro brendlar do‘konlarini ochish, to‘y marosimlari uchun hudud va kinoteatrlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

1-oktabrgacha turizm markazlarining master-rejalari ishlab chiqiladi.

Turizm markazlari quriladigan shaharlar va tumanlar

Tuman (shahar) nomi
Hudud nomi
1
Nukus
Qoraqalpog‘iston
2
Buxoro
Buxoro viloyati
3
Zomin tumani
Jizzax viloyati
4
Shahrisabz
Qashqadaryo viloyati
5
Qarshi
6
Samarqand
Samarqand viloyati
7
Samarqand tumani
8
Termiz
Surxondaryo viloyati
9
Qo‘qon
Farg‘ona viloyati
10
Marg‘ilon
11Xiva
Xorazm viloyati
12Bo‘stonliq tumani
Toshkent viloyati

Turizm markazlarini qurish uchun yer uchastkalari hududi ikki oy muddatda bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan aniqlanadi. Yer belgilangan tartibda savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Turizm markazlarining master-rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalashtirish va konsalting kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.