Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab tamaki iste’molchilari soni 1,25 milliard kishigacha kamaydi (kattalarning har besh nafaridan biri), 2000-yilda bu ko‘rsatkich har 3 kishiga bir nafarni tashkil etardi.

JSST hisobotiga ko‘ra, tamaki iste’molining qisqarishi 150 ta mamlakatda qayd etilgan. Xususan, Braziliyada 2010-yildan beri tamaki iste’moli 35 foizga kamaydi, Niderlandiya esa 30 foizlik ko‘rsatkichga erishishga yaqin turibdi.

“So‘nggi yillarda tamaki nazorati sohasida yutuqlarga erishildi, ammo hozir xotirjam bo‘ladigan vaqt emas”, — dedi JSST sog‘liqni saqlash bo‘yicha direktori Ryudiger Krex. Uning ta’kidlashicha, tamaki sanoati “son-sanoqsiz hayotlar evaziga foyda ortidan quvmoqda”. Shuningdek, “sog‘liqni saqlash siyosatini manipulyatsiya qilish hamda o‘zining halokatli mahsulotlarini sotish imkoniyatidan foydalanmoqda”.

Shuning uchun JSST mamlakatlarni tamakiga qarshi kurashni davom ettirishga va tamaki sanoati ta’siriga qarshi turishga chaqiradi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyoda tamaki iste’mol qiladigan aholining eng yuqori ulushi 26,5% ni tashkil qiladi. Yevropa mintaqasida bu ko‘rsatkich 25,3% ni tashkil etadi. Yevropa mintaqasidagi ayollar o‘rtasida tamaki iste’moli global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p va pasayish boshqa mintaqalarga qaraganda ancha sekinroq.

O‘zbekistonda, JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda tamaki iste’molchilari soni 3,83 mln kishini tashkil etadi, ulardan 3,71 millioni erkaklar va 123 ming nafari ayollardir.

JSST prognozlariga qaraganda, 2025-yilga borib dunyoda tamaki iste’moli 2010-yilga nisbatan 25 foizga kamayadi. Dunyoning faqat 56 ta davlati 30 foizga qisqarishga erishadi. Tashkilot qayd etishicha, Kongo, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Ummon va Moldova kabi ba’zi mamlakatlarda tamaki iste’moli o‘sishda davom etmoqda.