Nuz.uz (“Novosti Uzbekistana”) internet nashri jurnalisti Mixail Dovlatovning ushlanishiga aloqador shaxslarga nisbatan ularning harakatlariga huquqiy baho berish uchun xizmat tekshiruvi boshlandi. Bu haqda chorshanba kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

BPning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, tekshiruv ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimiga, shuningdek, boshqa shaxslarga nisbatan o‘tkazilmoqda. Ularning umumiy soni qancha ekaniga aniqlik kiritilmadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi seshanba kuni vaziyatga huquqiy baho berish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan munosabat bildirishlari, shuningdek, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi maqsadida aniq o‘rganish hamda tegishli xulosa va choralar ko‘rilishi bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov xati yuborgani haqida xabar berdi.

14-yanvar kuni poytaxtning Uchtepa tumanidagi massivlardan birida aholi bilan uchrashishni rejalashtirgan Mixail Dovlatov huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangandi. Muxbir u yerga odamlar taxminan 150 ta garaji va avtoturargohda o‘sadigan 98 ta daraxt o‘rniga bolalar bog‘chasi qurishmoqchi ekanliklaridan shikoyat qilgani ortidan borgan.

Jurnalist 5 soatga yaqin qo‘yib yuborilmagan va unga aytilishicha, jamoat joyida chekkani uchun jarimaga tortilgan. Buni Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi o‘z rasmiy izohida tasdiqladi. Jarima xabari uning telefoniga kelgan SMS`da ham aks etgan.

Nuz.uz tahririyati “O‘zbekistonning bir qancha qonunlari” qo‘pol ravishda buzilganini ma’lum qildi. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, ushlab turish tartibi va qoidalari shular jumlasidandir.

Jurnalist, shuningdek, u bilan uchrashmoqchi bo‘lgan aholi uzoq muddatga (bir sutka yoki undan ko‘proq) ushlab turilgani haqida xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushlash chog‘ida unga ruxsat etilmagan miting uyushtirgani aytilgan. Rejalashtirilgan uchrashuv joyida odamlarni ichki ishlar xodimlari va avtozak kutayotgandi. Bu borada hali hech kim rasman izoh bermadi.

IIBB bayonotiga qaramay, bir kun avval Oliy sud 183-modda (Mayda bezorilik) va 194-moddaning 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik) bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. 16-yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi jurnalistning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘qligi sababli ishni to‘xtatdi.

Bosh prokuratura mamlakatda ommaviy axborot vositalari faoliyati, shuningdek, jurnalistlarning huquq va erkinliklari qonun bilan himoyalanganini eslatdi.

Xodimlari bir qancha qonunlarni buzgani aytilganidan uch kun o‘tib ham O‘zbekiston IIV sukut saqlamoqda.