Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (sobiq KRU) Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tuzilmasiga o‘tkazilishiga munosabat bildirdi.

Davlat rahbari faqat kamchilik aniqlaydigan, profilaktika bilan umuman shug‘ullanmaydigan idoraga aylanib qolgan inspeksiya faoliyatini “mutlaqo qoniqarsiz” deb atadi.

“KRU har yili yuzlab davlat bog‘chalarini tekshirib, „dejurniy“ kamchiliklar sifatida, albatta, oziq-ovqatdan kamchilik topadi. Bu borada inspeksiya o‘tgan yili 259 ta davlat bog‘chasidan 10 mlrd so‘mlik kamchilik aniqlagan, o‘zi u yerda 100 milliard so‘m. Lekin inspeksiya kamchiliklarni ildizi bilan yo‘q qilish bo‘yicha birorta taklif bermadi. Tizimda korrupsiya ulushi yuqori”, — deydi u.

Shavkat Mirziyoyev Andijon davlat universitetida o‘tkazilgan tekshiruvda KRU xodimlari 129 mln so‘mlik kamchilik aniqlaganini, biroq ulardan keyin hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda oliygoh mansabdori 39,3 mlrd so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lganini aytdi.

Prezident budjet mablag‘larini taqsimlash ham, uni nazorat qilish ham bitta vazirlikda bo‘lishi noto‘g‘ri ekanini, shuning uchun 362 nafar xodimdan iborat inspeksiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga (tashkilotga tergov yuritish vakolati berildi) o‘tkazilishini ta’kidladi.

2020-yilning noyabrida sobiq moliya vaziri Timur Ishmetov davlat moliyaviy nazorati tizimida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini tan olgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy nazorat biror vazirlik ichida emas, yagona kuchli bir tizim bo‘lishi kerak, biror vazirlik ham, biror hokimiyat ham undan ustun bo‘lmasligi kerak.

2021-yilning aprel oyida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev vazirlik va idoralar bo‘ysinuvidagi tekshiruvchi organlarning mustaqilligini shubha ostiga olgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Energetika vazirligi qoshidagi inspeksiya ikki yil ichida o‘z tashabbusi bilan biror marta ham tekshiruv o‘tkazmagan, bir so‘mlik ham zararni aniqlamagan. Vaholanki, huquqni muhofaza qilish idoralari ikki yil davomida 300 mlrd so‘mlik zararlarni aniqlagan.