Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kredit foiz stavkalarini tushirish masalasiga to‘xtalib, bozor mexanizmlari asosida kredit stavkalarini kamida 2−3 foizga pasaytirish muhimligini qayd etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Banklar resurs yo‘qligi sababli kredit foizi yuqori, deyishga o‘rganib olgan. Vaholanki, muammoli kreditlarni undirishning o‘zidan 25 trillion so‘mlik kreditga resurs topsa bo‘ladi”, — deya ta’kidladi prezident.

Masalan, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoda muammoli kreditlar ulushi 10 foizga yetgan. Prezident tarmoq rahbarlari, hokimlar 9 trln so‘m kreditlar hisobiga ishga tushgan 2 ming 342 ta loyiha past quvvatda ishlayotganini tahlil qilib, ularning muammolarini hal qilishda ko‘maklashmayotganini tanqid qildi.

Endilikda Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman kredit olgan korxonalarning to‘liq quvvatda ishlab ketishiga ko‘maklashadi. Hokimlar, banklar kredit berishdan oldin loyiha qancha ish o‘rin yaratishi, budjetga qancha tushum bo‘lishini hisob-kitob qilish tizimiga o‘tadi va samarasiga shaxsan javob beradi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. “Zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayotgani” sabab hukumatning iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bundan tashqari, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi.