Prezident 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bojxonada bor imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotganini qayd etib, Bojxona qo‘mitasiga imtiyoz bilan import qilingan tovarlarni korxonabay o‘rganib chiqishni topshirdi.

O‘tgan yili import bo‘lgan 20 mlrd dollarlik tovarlarga salkam 60 trln so‘mlik imtiyoz qo‘llangan. Lekin bu imtiyozlarning qanchasi maqsadli va samarali qo‘llangani bo‘yicha bojxonada tahlil yo‘qligi ta’kidlandi.

“O‘tgan yili qo‘llangan imtiyozning bor-yo‘g‘i 3,2 trln so‘mi o‘rganilganda ularning 420 mlrd so‘mi yoki 13 foizi maqsadsiz qo‘llangan bo‘lib chiqdi. Shu bois Bojxona qo‘mitasiga imtiyoz bilan kirgan tovarlarni korxonabay o‘rganib chiqish topshirildi”, — deyiladi prezident matbuot kotibi xabarida.

Prezident bu yil qo‘shimcha manbalar hisobidan Soliq qo‘mitasi 40 trln so‘m, Bojxona qo‘mitasi esa kamida 15 trln so‘m tushumni ta’minlashi muhimligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. “Zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayotgani” sabab hukumatning iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bundan tashqari, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi.