Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni geologiya sohasida qilingan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda geologiya sohasiga yiliga 1 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida 31 ming kvadrat kilometr yangi hududlar o‘rganildi. 1 milliard 700 million dollarlik investitsiya loyihalar amalga oshirilmoqda.

Lekin sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Konlar va ularni o‘zlashtirish ko‘lamini kengaytirish mumkin, deyiladi xabarda.

Davlat rahbariga taqdimotda shu boradagi istiqbolli loyihalar, xususan, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida axborot berildi. Prezident yaqin va uzoq istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Bu sohada uzoqni ko‘zlash va zamondan ilgari yurish muhimligini ta’kidladi.

Taqdimotda aholi, ijtimoiy soha va sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘mir qazib chiqarish hajmini 22 foizga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Xorijiy tajriba asosida, boyitish chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Shu bois geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o‘zlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev sohaga xorijiy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilishni davom ettirish, bu orqali geologik qidiruvlar va qazib olish natijadorligini oshirish vazifalarini qo‘ydi.

Davlat rahbari boyitish chiqindilarini qayta ishlar masalasiga ham e’tibor qaratdi.

боbir исломов, kaolin, ko‘mir, prezident, шавкат мирзиёев

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezident tomonidan xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda strategik ahamiyatga ega mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va innovatsiyalarni joriy etish, shuningdek, “noan’anaviy” turdagi konlarni aniqlash va o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriq berilganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarni qog‘oz sanoati, tibbiyot va kosmetologiya sohalarida chinni va idish-tovoqlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan “yuqori sifatli va arzon” kaolin (oq loy) bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Ko‘mir qazib olish va importining o‘sishi

Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yilning 11 oyida ko‘mir qazib olish 5,73 mln tonnaga oshgan (+19,1 foiz), ammo oldingi choraklarda qazib olish tez ko‘payganidan so‘ng sentabr oyidan (685 ming tonna) pasayish boshlangan.

Shu bilan birga, 2023-yil oxirida Qozog‘iston ko‘miri importi yil davomida 1,4 million tonnaga — 3,1 million tonnagacha oshgan (+82,3 foiz). 10 oy davomida Qirg‘izistondan 30,9 million dollarlik (har tonna uchun 34,6 dollar) 895,4 ming tonna ko‘mir import qilingan. Qiymat jihatidan yanvar-noyabr oylarida yetkazib berish hajmi 189,2 mln dollarga baholanmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gazni tejash maqsadida issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalarning bir qismi ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilmoqda. 2023-yilda 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavodning ko‘mirdan foydalanishga o‘tkazilishi kutilmoqda.

Atrof-muhitga ta’siri

Yaqinda Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida havo ifloslanishining asosiy omillaridan biri sifatida IESlarda ko‘mir va mazutdan foydalanish kabilarni sanadi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023-yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 mln tonnaga yetgan, deyiladi bayonotda.

“Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda”, — deya qayd etdi vazirlik. Ta’kidlanishicha, 10 tonna ko‘mir yoqilganda atmosferaga 220 kg kuyik, 360 kg oltingugurt oksidi II, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot oksidi II va 2 tonna kul chiqadi.

Vazirlik Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlarida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni taqiqlashni taklif qildi.

Iqlimshunos Erkin Abdulaxatov yaqinda bergan intervyusida issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga ommaviy ravishda o‘tkazish Parij iqlim kelishuviga zid ekanini aytdi. “Mayli, gaz yo‘q, boshqa chora yo‘q, lekin avval narxidan qat’i nazar, filtrlar o‘rnatish, ularni tekshirish, keyin ko‘mirga o‘tish kerak edi”, — dedi mutaxassis.