Toshkent shahar Yunusobod tumani Osiyo ko‘chasida joylashgan vaqtinchalik ovqatlanish joylarining birida 15-yanvar kuni soat 02:51 da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar tushgan.

Poytaxt favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipajilari voqea joyiga soat 02:55 da yetib borib, yong‘in soat 03:04 da o‘rab olingan va soat 03:09 da yong‘in o‘chirilganini ma’lum qildi.

Sodir bo‘lgan yong‘in natijasida ovqatlanish joyi taxminan 150 kv. metr maydonda yonib zararlangan. Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13-yanvar kuni Mirobod tumanida joylashgan kafeda yong‘in sodir bo‘lgandi. Uning oqibatida 3 nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi.