Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ayol kichik yoshdagi bolasini beshikka bog‘lagancha qiynab, kaltaklab kelgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha ombudsmanga murojaat va video kelib tushgan. Unda S.N. (ayol) kichik yoshdagi farzandini 2 yildan beri kaltaklab, qiynab kelayotgani bayon etilgan.

Tuman ichki ishlar organlari olib borgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, S.N. 5 yoshli farzandini beshikka bog‘lagan holda tayoq va boshqa jismlar bilan muttasil ravishda uzoq vaqt davomida (2022-yil martidan 2023-yil noyabrigacha) kaltaklab, qiynab kelgan.

Holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi, “a,v” bandlari (Voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon bo‘lgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Rossiyada bo‘lgan eriga jahl qilib, bolasini qiynaganini tasvirga olgan va turmush o‘rtog‘iga yuborgan kattaqo‘rg‘onlik ayol jazoga tortilgandi. 23 yoshli ona sudda bu ishni erini qo‘rqitish maqsadida qilganini aytgan. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi ayol 7,5 mln so‘m jarima to‘laydigan bo‘lgan.